BMT Bosh Assambleyasida sunʼiy intellektga oid rezolyutsiya qabul qilindi
BMT Bosh Assambleyasi 21-mart kuni tarixda ilk marotaba sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va undan foydalanishni jahon miqyosida tartibga solish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
AQSH tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda sunʼiy intellektni tartibga solishning yagona xalqaro tizimini yaratish zarurligi aytilgan. Rezolyutsiya Bosh Assambleya tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishidan keyin jurnalistlar bilan suhbatlashib, bunday rezolyutsiya qabul qilinishining foydali jihatlariga oid mulohazalari bilan oʻrtoqlashgan.
“Nima uchun bu qadar koʻp hayot-mamot masalalarini koʻrib chiqishiga toʻgʻri kelayotgan bu tashkilot (BMT demoqchi – tahr.) sunʼiy intellekt bilan shugʻullanishi kerak? Buning javobi oddiy: chunki sunʼiy intellekt ham ekzistensialdir (yaʼni hayot-mamot masalasidir). Faqat u tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatar nuqtayi nazaridangina emas, u taqdim etadigan imkoniyatlar nuqtayi nazaridan ham”, degan Tomas-Grinfild.
Sunʼiy intellektdan hozirning oʻzida kasallik tashxisi va tabiiy ofatlar prognozi uchun foydalanilmoqda, u qishloq xoʻjaligi sohasida fermerlarning koʻproq hosil olishi, oʻqituvchilarning esa koʻproq oʻquvchiga taʼlim berishida koʻmaklashyapti, degan amerikalik diplomat.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 21-mart kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rezolyutsiya qabul qilinganini olqishladi.
Rezolyutsiya loyihasi matni BMT raqamli kutubxonasida e’lon qilingan. Rezolyutsiyaga 50 dan ziyod mamlakat mualliflik qilgan.
