Yangiliklar

BMT Xavfsizlik kengashi Gʻazoda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish rezolyutsiyasini qabul qildi

Avvalgi rezolyutsiyalarga uch marta veto qoʻygan AQSH bu safar ovoz berishda betaraf qoldi.

BMT Xavfsizlik kengashi 25-mart kuni Gʻazoda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiyada, shuningdek, barcha asirlarni darhol va shartlarsiz ozod qilish talab etilgan.

Rezolyutsiyada BMT tomonlardan Ramazon oyida (10-martdan 9-aprelgacha) oʻt ochishni toʻxtatishni va Gʻazoga gumanitar yordamning toʻsiqsiz yetkazilishini taʼminlashni talab qilgan.

Rezolyutsiya loyihasi Xavfsizlik kengashi kun tartibiga kengashning doimiy boʻlmagan 10 ta aʼzosi tomonidan kiritildi. Ular quyidagilar – Jazoir, Ekvador, Gayana, Yaponiya, Malta, Mozambik, Koreya Respublikasi, Syerra-Leone, Sloveniya va Shveysariya.

BMT Xavfsizlik kengashi Gʻazoda urush boshlanganidan beri oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha bir toʻxtamga kela olmayotgan edi. Avvalgi rezolyutsiyalarga uch marta veto qoʻygan AQSH bu safar ovoz berishda betaraf qoldi.

AQSH Xavfsizlik kengashining 22-mart kungi yigʻilishiga ilk marta Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha rezolyutsiya loyihasini kiritgan, lekin unga Rossiya va Xitoy veto qoʻygandi.

25-mart kuni ovozga qoʻyilgan rezolyutsiya loyihasiga Vashington veto qoʻymagach, Isroil hukumati vakillarining Oq uyda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan muzokaralari bekor qilindi.

Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi dushanba kuni urush boshlanganidan beri kamida 31 112 falastinlik halok boʻlganini maʼlum qildi. Vazirlik oʻz hisobida oʻlgan tinch aholi va jangarilarni ajratmaydi, biroq oʻlganlarning uchdan ikki qismini ayollar va bolalar tashkil etishini aytmoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.