BMT: 2023-yil qurbon boʻlgan migrantlar soni boʻyicha eng ogʻir yil boʻldi
Oʻtgan yili butun dunyo boʻylab migratsiya yoʻnalishlarida kamida 8 ming 565 kishi halok boʻlgan – bu kuzatuvlar boshlangan 2014-yildan buyon eng fojiali koʻrsatkichdir. Bu haqda 6-mart kuni BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) maʼlumot tarqatdi.
XMTga koʻra, 2023-yilgi koʻrsatkich 2022-yildagi koʻrsatkichga qaraganda 20 foizga koʻp boʻlgan.
Xalqaro migratsiya tashkiloti bayonotida bu maʼlumotlar “insonlar halok boʻlishining oldini olish uchun oshigʻich chora-tadbirlar qabul qilish zarurligidan dalolat berishi” taʼkidlangan.
Tashkilot qaydicha, har yili yuz minglab odam xavfsiz boʻlmagan sharoitda nolegal yoʻnalishlar boʻylab koʻchishga urinyapti. Xavfsiz va muntazam yoʻllardan foydalanishga hammada ham imkon bor, deb boʻlmaydi.
Migrantlar uchun eng xatarli yoʻnalishlar Oʻrtayer dengizidan oʻtadi: oʻtgan yili bu yerda kamida 3129 ta oʻlim va bedarak ketish qayd etilgan.
XMTning “Yoʻqolib qolgan migrantlar” loyihasi 2014-yilda ishlab chiqilgan boʻlib, u migrantlar oʻlimi va yoʻqolishi boʻyicha ochiq manbalarga asoslangan maʼlumotlar bazasi boʻlib hisoblanadi. Oʻtgan vaqt mobaynida loyiha doirasida dunyo boʻylab 63 mingta ana shunday holat hujjatlashtirilgan. Ayni paytda haqiqiy raqam bundan-da yuqoriroq ekani, chunki chekka hududlardan maʼlumot yigʻishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar oʻlim holatlari boʻyicha aniq hisob-kitob chiqarish imkoniyatini cheklab qoʻyayotgani urgʻulangan.
