Jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak – Shavkat Mirziyoyev
Davlat rahbari Oʻzbekistonda milliy kontent yaratish dolzarbligini aytdi, shuningdek, ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlarga munosabat bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishida axborot xavfsizligi masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, davlat rahbari Oʻzbekistonda milliy kontent yaratishning dolzarbligini taʼkidladi.
“Biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz toʻldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, prezident ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlarga ham munosabat bildirdi.
“Har qanday tanqidga javob berishga (tayyor boʻlishimiz), jurnalist haq boʻlsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq boʻlsa, unga tushuntirish orqali yolgʻon xabarlarning oldini olishga oʻrganishimiz va buning nopok va yolgʻonligini butun jamiyatimizga tushuntirishimiz kerak”, dedi davlat rahbari.
“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2023-yilda e’lon qilgan matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 4 pog‘onaga pasayib, 137-o‘ringa tushdi. 2022-yilgi reytingida Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-oʻrindan 133-oʻringa koʻtarildi.
