AQShda otib oʻldirilgan oʻzbekistonlik oʻsmir voqeasi — tafsilotlar qanday?
Payshanba kuni 17-iyulda qurolli shaxs tomonidan otib oʻldirilgan bruklinlik oʻzbek oʻsmirining dafn marosimi boʻlib oʻtdi. Diniy marosimda ishtirok etgan Nyu Nyork shahar meri Erik Adams shaharni qamrab olgan oʻsmirlar zoʻravonliklarini qoraladi va “hukumatning koʻchalardan qurolni yoʻq qilishi” kerakligini aytdi.
Bir kun kelib UFC chempioni boʻlishni orzu qilgan 15 yoshli maktab oʻquvchisi Faridun Mavlonovning dafn marosimida buvisi uni “aqlli, kelishgan va baquvvat” deb xotirladi. Umaro Kamalova koʻzlarida yosh bilan rus tilida nabirasini “U juda bosiq, juda xotirjam yigit edi. Xudo uning hayotini juda erta oldi”, dedi.

“U Amerika chempioni boʻlmoqchi va Oʻzbekistonga Amerika bayrogʻini koʻrsatmoqchi edi”, — dedi Kamalova oilaning 12 yil avval tark etgan vatanini nazarda tutib. “Biz u bilan doimo faxrlanamiz.“
Kamolova, shuningdek, shahar meri va politsiyaga bunday fojialarning oldini olishni soʻrab murojaat qildi.
“Yoshlar bunday oʻlmasligi kerak. Mening nabiram Nyu-Yorkda oʻqdan oʻlgan oxirgi odam boʻlishi kerak”, dedi u koʻz yoshlarini tiyolmay.
Sanset Park bogʻidagi 3-avenyuda joylashgan Musulmonlar jamiyati markaziga yuzlab odamlar keldi.
Nyu York hokimi, oʻz navbatida, masjidga yigʻilganlarga Mavlonov — Qonli dushanbaning 12 soati davomida butun shahar boʻylab quroldan oʻq yegan besh oʻsmirning biri — bevaqt hayotdan ketgan yosh bola ekanligini aytdi.

Adamsning soʻzlariga koʻra, qotilliklarni toʻxtatish uchun rasmiylar koʻchalarni suvday bosgan oʻqotar qurollardan tozalashlari kerak.
“Koʻchalarimizda qurol juda koʻp, yoshlarimiz orasida zoʻravonlik juda koʻp. Yoshlar tengdoshlarini dahshatli darajada oʻldirmoqda”, dedi Adams.
Shahar hokimi, “Agar biz faqatgina iymonli boʻlibgina qolmay, amallarni ham bajarishga oʻtkas, biz bu daxshatni toʻxtatamiz. Alloh istamaydi, Xudo bizni faqatgina iymonli boʻlishimizni istamaydi”, deb qoʻshimcha qildi.
Politsiya maʼlumotlariga koʻra, Jeyms Medison maktabi oʻquvchisi Mavlonov dushanba kuni soat 13:00 atrofida Bensonxerstdagi 20-avenyu yaqinidagi 62-koʻchada yuz bergan toʻqnashuvda yelkasidan oʻq yegan. Yana toʻrt nafar oʻsmir Bronks va Manxettendagi alohida otishmalarda otib ketilgan.

Nyu York shahar politsiya departamenti boshligʻi Jeyms Essig shu hafta jurnalistlarga politsiyaga maʼlum boʻlgan, ammo hali qoʻlga olinmagan 17 yoshli Mavlonov qotilligida gumonlanuvchi Franklin Delano Ruzvelt oʻrta maktabida boshqa oʻsmir bilan janjallashib qolgani va ular keyin mushtlashish uchun uchrashishga kelishib olishgani haqida maʼlum qildi.
Politsiya boshligʻining soʻzlariga koʻra, gumonlanuvchi aynan Faridunni nishonga olib oʻq uzmagan. Holat koʻchadagi nazorat kamerasiga ham tushgan va unda qotil koʻchada odam koʻp boʻlgan vaqtda oʻq uzgani koʻrinadi. U oʻq uzgan joyda esa yuk mashinasi ham toʻxtab turgan.

Voqea 17-iyul, dushanba kuni tush vaqtida sodir boʻlgan. Samarqandlik oilaning farzandi boʻlgan Faridun Mavlonov yashash uyi yaqinida, 20-avenyuda otib oʻldirilgan.
Hodisa haqida politsiyaga 911 raqamli orqali xabar berilgan va ular yetib borganda yigitni yaqin atrofdagi Maimonedes kasalxonasiga ogʻir ahvolda olib borishgan. Yigitning oʻlimi 18 iyul, seshanba kuni qayd etilgan.
