Yangiliklar

Silvio Berluskoni vafot etdi

Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni 86 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda Corriere della Sera gazetasi 12-iyun, dushanba kuni. Buni sobiq bosh vazirning rasmiy vakili DPA va AFP agentligiga tasdiqladi. Avvalroq Italiya OAVlari Berluskoni og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgani haqida yozgandi.

1994-yilda Silvio Berluskoni “Olg‘a Italiya” (Forza Italia) partiyasini tuzgan va o‘sha yili saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, o‘ng markazchi partiyalar koalitsiyasini tashkil qilgan. 1994-yil 11-mayda u bosh vazir sifatida qasamyod qilgan hamda Yevropaning birinchi milliarder yetakchisi bo‘lgan. Jami hisobda Silvio Berluskoni to‘rt marta Italiya bosh vaziri lavozimida ishlagan — oxirgi safar 2011-yilgacha. 2022-yil sentabr oyida u muddatidan oldin parlament saylovlaridan so‘ng Italiya Senatiga qaytdi.

Berluskoni so‘nggi 30 yil ichida bir qancha operatsiyalarni, jumladan, prostata saratoni uchun jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. 2016-yilda u murakkab yurak jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, 2020-yil sentyabr oyida COVID-19 ning og‘ir shaklini yuqtirgan. 2023-yil aprel oyida OAV Silvio Berluskoni leykemiya bilan kasallangani va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar berdi. Italiyaning ANSA agentligining yozishicha, u kimyoterapiya kursini boshlagan, muolajaning dastlabki bosqichi 5-aprel kuni shifoxonada o’tkazilgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.