Oʻzbekiston va Qatar ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishga kelishdi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy 6-iyunda Samarqand shahridagi Kongress markazidagi muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishga kelishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
– Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida oʻzimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz, – dedi Mirziyoyev uchrashuvda.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ishtirokida 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Imzolangan shartnomalar orasida “Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim” hamda “Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim” ham bor.
Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri tashrifi arafasida qatarliklarga 30 kun mobaynida Oʻzbekiston hududida vizasiz boʻlishiga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Qatar davlati mazkur hujjat imzolanishi ortidan fuqarolari bir oy davomida Oʻzbekistonda vizasiz yurishi mumkin boʻlgan 45 ta mamlakat qatoriga qoʻshildi.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻlgan edi. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilgan 25 yil davomida Qatar amiri ilk bor Oʻzbekistonga keldi.
