Oʻzbekiston Qirgʻiziston bilan chegaradagi devorni buzdi
Oʻzbekiston Qirgʻiziston bilan chegaradagi devorni buzgani toʻgʻrisida Qirgʻiziston Chegara xizmatiga tayangan holda Bishkekdagi Kaktus.media nashri xabar qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston ikki davlat chegarasiga 2010-yilda bir tomonlama qurilgan devorni buzayotgani toʻgʻrisidagi video paydo boʻlgan edi. Qirgʻiziston Chegara xizmatining bildirishicha, mazkur video Jalolobod va Andijon viloyatlari oʻrtasidagi “Bekobod-Xonobod” chegara punktida tasvirga olingan.
Xabarda aytilishicha, mazkur devor “Bekobod-Xonobod” chegara punkti faoliyatini qayta tiklash maqsadida buzilgan. “Tez kunlarda bu chegara punkti ochiladi. Qirgʻiziston tomoni mazkur punktdan aholini oʻtkazishni amalga oshirishga tayyor”, deb bildirgan Chegara xizmati.
Bundan tashqari Oʻsh va Andijon viloyatlari oʻrtasidagi “Qorasuv” va “Qorabagʻish” chegara nazorat oʻtkazish punktlari faoliyati ham tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Xabarda taʼkidlanishicha, bu chegara nazorat oʻtkazish punktlarini ochish masalasi ikki davlat hukumatlari tomonidan bir necha yillardan beri muhokama qilib kelinayotgan edi.
Oʻzbekiston tomoni hozircha “Bekobod-Xonobod” chegara punktidagi devor buzilgani, “Qorasuv” va “Qorabagʻish” punktlari ham ochilishi yuzasidan rasman maʼlum qilmadi.
Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi 1314 kilometrli chegara chizigʻi toʻliq aniqlab boʻlingan. 2022-yil noyabrida Toshkent va Bishkek chegara boʻyicha 30 yildan buyon davom etib kelayotgan bahslarga nuqta qoʻyilganini bildirishgan.
