Turkiya saylov kengashi Erdoʻgʻonni prezident saylovi gʻolibi deb eʼlon qildi
Turkiya Oliy saylov kengashi prezident saylovining ikkinchi bosqichida, dastlabki natijalarga koʻra, 52,14 foiz ovoz olgan Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni gʻolib deb eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, 28-may kuni oʻtkazilgan saylovning ikkinchi bosqichida berilgan ovozlarning 99,9 foizi hisoblanganda Erdoʻgʻonning raqibi – birlashgan muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoroʻgʻli 47,86 foiz ovoz olgan.
Joriy yilning 14-may kuni Turkiyada oʻtkazilgan prezident saylovida, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 49,52 foiz olgan Erdoʻgʻon va 44,88 foiz olgan Qilichdoroʻgʻli ikkinchi turga yoʻllanma olgan edi.
Davomat 85 foizni tashkil qilgan ikkinchi bosqichda ham Anqara, Istanbul va Izmir kabi Turkiyaning eng yirik shaharlarida xuddi birinchi bosqichda boʻlgani kabi muxolifatchi Kamol Qilichdoroʻgʻli gʻalaba qozongan.
Oliy saylov kengashi 28-maydagi saylov huquqbuzarliklarsiz oʻtganini bildirgan. Biroq muxolifat vakillari ayrim uchastkalarda huquqbuzarliklar kuzatilganini aytishmoqda.
Saylov kuni kechasi Anqarada chiqish qilgan Qilichdoroʻgʻli boʻlib oʻtgan saylov tarixdagi eng adolatsiz saylov boʻlganini bildirdi. Muxolifatchi demokratiya uchun kurashda davom etishini urgʻuladi.
Erdoʻgʻon prezidentlik lavozimini 2014-yil avgustida egallagan, bungacha esa u 2003-yildan buyon mamlakat bosh vaziri vazifasini bajarib kelgan. Muxolifat Erdoʻgʻon prezidentlikka kelganidan buyon Turkiyada avtoritar boshqaruv unsurlari koʻpayganini aytib keladi.
Birlashgan muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoroʻgʻli 2002-yildan buyon Turkiya parlamenti deputati boʻlib kelgan, 2010-yildan buyon esa u muxolifatdagi asosiy siyosiy kuch – Jumhuriyat xalq partiyasi lideri vazifasini bajarib keladi.
