“So‘nggi qo‘ng‘iroq”da vals tushish taqiqlandimi?
O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasiga anonim tarzdagi murojaat kelib tushgani, unda maktablarning birida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida o‘quvchilarga vals tushish taqiqlangani xabar qilindi.
“Maktabimizda [«So‘nggi qo’ng’iroq”da] vals tushish taqiqlandi, chunki bu „yuqoridan“ berilgan buyruq ekan, aytishlaricha, bizning „mentalitetimizga“ to‘g‘ri kelmas ekan. Biz bir oydan ko‘proq vaqt davomida bunga tayyorlangandik, maktabimiz esa yevropacha, bekor qilinganini yaqindagina aytishdi. Nima bo‘layotganini tushunolmayapman, ular avvaliga valsga tushish mumkin emas deganlarni jarimaga tortishadi, keyin o‘zlari bu fikrga qo‘shilishadi”, — deyiladi murojaatda.
Ismini oshkor qilishni istamagan manbaning aytishicha, ushbu maktab Mirobod tumanida joylashgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, maktablarga bunday taqiq bo‘yicha topshiriq yuborilmaganini ma’lum qildi.
Avvalroq vazirlik tomonidan maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqilgan edi.
Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 2023-yil 25-may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida tashkil etiladi.
Tadbirga maktabdagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb qilinadi.
Nimalar taqiqlangan?
– “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘larini yig‘ish;
– umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni o‘tkazish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish.
