Tojikiston Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning konsertiga chiptalar davlat xizmatchilariga majburiy sotilganini rad etdi
Tojikiston Madaniyat vazirligi “Vahdatdagi davlat xizmatchilari Yulduz Usmonovaning konsertiga chipta olishga majburlanmoqda” qabilidagi xabarlarga munosabat bilan chiqdi.
Vazirlikka koʻra, Vahdatda taniqli oʻzbek xonandasi Yulduz Usmonovaning konsertiga chipta olishga hech kim hech kimni majburlamagan.
Vazirlik idora faqat xonandaning Tojikistonga gastrol safarini tashkil etish bilan shugʻullangani, biroq hech kim uning konsertiga chipta olishga majburlanmaganini maʼlum qildi.
Madaniyat vazirligi maʼlumotlariga koʻra, chipta narxi 30 somoniy boʻlib, uni kassalardan bemalol xarid qilish mumkin.
“Oʻzbek primadonnasi”ning konserti 23-may, Yoshlar kunida 26 ming kishiga moʻljallangan Vahdat shahar stadionida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Konsert chiptalari narxi 30 dan 50 somoniygacha.
