Mastercard O‘zbekistonda vakolatxonasini ochadi
16-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik konferensiyasi chog‘ida Mastercard global to‘lov texnologiyalari kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining birinchi rasmiy vakolatxonasi ochilishini ma’lum qildi.
“Rasmiy vakolatxonani ochish bizga joylardagi ehtiyojni yaxshiroq tushunish imkonini beradi va biz eng zamonaviy raqamli texnologik yechimlarni taklif etib, yanada g‘ayrat bilan ishlaymiz. Endilikda barchaning manfaati uchun, yaqin yillarda raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti bo‘yicha umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida, biz yanada faol va unumli ishlashimizga aminman”, — dedi EEMEA (Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika) mintaqasida Mastercard prezidenti Dimitrios Dosis.
Konferensiya doirasida Mastercard inklyuziv taraqqiyot markazi o‘ta muhim global sherik — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Markaziy Osiyoda kelgusida hamkorlikni kengaytirish va kichik biznes sohiblari, ayniqsa, ayollar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu memorandum O‘zbekiston va Qozog‘istonda mikro- hamda kichik korxonalar (MKK) raqamli imkoniyatlarini kengaytirish uchun Markaziy Osiyodagi kelgusidagi hamkorlikni o‘rganishga qaratilgan.
