“Boburnoma”da faktchekingga oid misollar
Zahiriddin Muhammad Bobur shoh, shoir, faqih, etnograf, hayvonot va nabotot olami bilimdoni kabi koʻp qirrali faoliyat va ijod sohibi boʻlgan. Shu bilan bir qatorda uning rost tili, toʻgʻri soʻzi, fikrini aniq, ravon, jumlalarni qisqa va tugal ifodalashi, mazmunni zich holda berishi, oʻziga zamondosh ijodkorlardan farqli ravishda boʻyoqdorlik, jimjimadorlikdan qochishi jurnalistika fanida haqqoniylik prinsipiga koʻra tadqiq etilishi lozim boʻlgan alohida jihatdir.
“Boburnomada” shunday yozadi: “Bu bitilganlardan maqsad shikoyat emas, rost voqealarni yozayotirman. Bu yozilganlardan maqsad oʻzimning taʼrifim emas, haqiqiy voqea bayonini tahrir etganman. Chunki bu paytlarda shunga qaror qilinganki, har soʻzning rosti bitilgay va har ishning haqiqiy voqeiy bayoni tahrir etilgay. Zotan ota-ogʻadan har qanday yaxshilik va yomonlik koʻrgan boʻlsam yozdim. Qarindosh va begonada har qanday ayb va fazilatlar sodir boʻlgan boʻlsa, tahrir ayladim. Oʻquvchi maʼzur tutsin va eshituvchi eʼtiroz qilmasin”.
Yolgʻon, fitnachilik, ogʻmachilikka nisbatan murosasiz qarashlarini bayon etgan Zahiriddin Muhammad Bobur axborotlarni tekshirishga ham alohida eʼtibor qaratgan. U qoʻllagan usullar mazmunan bugungi faktchekingga juda oʻxshash.
“Dedilarkim, Gʻaznining kentlarida bir mazor bordurkim, salavot aytgʻoch, qabr mutaharrik boʻlur. Borib mulohaza qilildi, qabrning tebrangani mahsus boʻldi. Soʻngra maʼlum boʻldikim, mujovirlarning tazviri ekandur. Qabrning ustigʻa bir julʼya yasabturlar, har zamon julʼyagʻa tegadurlar, julʼya tebrangach, qabr tebrangandek mahsus boʻladur. Nechukkim, kemaga kirmagan el kemaga kirgach sohil mutaharrik mahsus boʻlur. Buyurdumkim, mujovirlar julʼyadin yiroq turdilar, bir necha salavot ayttilar, qabrda harakate mahsus boʻlmadi. Buyurdumkim, julʼyani buzub, qabrning ustida gunbaz qildilar. Mujovirlarni bu harakattin tahdid bila manʼ qilildi”. Mazmuni shuki, Bobur harakatga keladigan qabr borligi haqida eshitganida uni oʻzi borib tekshiradi. Qabrning tebrangani seziladi. Maʼlum boʻlishicha, xizmatchilar qabrning ustiga arqon tortib, ustiga devorsimon qilib mato tashlab qoʻygan, har zamon arqon qimirlatilsa, mato tebrangani uchun ostidagi qabr qimirlagandek tuyulgan. Shunday qilib oddiy odamlarni hiylalari bilan aldayotgan xizmatchilarning yolgʻoniga chek qoʻyiladi.
Yana bir misol. “Kitoblarda bitibturlarkim, Gʻaznida bir chashma bordurkim, agar najosat va qozurotlarni bu chashmagʻa solsalar, oʻshul zamon toʻlgʻoq va toʻfon, yogʻin va chopqin boʻlarmish. Yana bir tarixda koʻrulubturkim, royi hind Sabuktiginni Gʻaznida muhorasa qilgʻonda, Sabuktigin buyururkim, bu chashmaga najosat bila qozurot solurlar. Toʻlgʻoq va toʻfon, yogʻin va chopqun boʻlur. Bu hiyla bila gʻanimni dafʼ qilur. Men Gʻaznida har necha tajassus qildim, bu chashmadin hech kim nishon bermadi”. Bu misolda ham shubhali boʻlgan axborotning rost yoki yolgʻonligini tasdiqlashga uriniladi. Va turli iflosliklar solinsa, toʻpolon va toʻfon, yogʻin va jala hosil qiladigan chashma mavjudligi hayotda oʻz tasdigʻini topmaydi.
