Yangiliklar

Rossiya Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarni urushga yollashga harakat qilmoqda — Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya hukumatining Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni yollashga urinayotganini xabar qildi. Harbiy xizmatga rozi boʻlganlar rus qoʻshinlarining yoʻqotish darajasi yuqori boʻlgan frontga yuborilishi mumkin, deyiladi sharhda.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi urushni kunlik sharhida Rossiya rasmiylarining jangovar harakatlarda qatnashish uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlarini yollashga urinishlari haqida xabar berdi.

Sharhda qayd etilishicha, masjidlar va migratsiya markazlariga muntazam tashrif buyurayotgan yollovchilar Markaziy Osiyodan kelganlarni Rossiya armiyasida xizmat qilishga oʻzbek va tojik tilida taklif qilmoqda.

“Ozodlik radiosi”ga koʻra, migrantlarga bir martalik 2390 dollar va oyiga 4160 dollargacha maosh vaʼda qilinmoqda. Bundan tashqari, sharh mualliflari Rossiya fuqaroligini odatdagi besh yil oʻrniga olti oydan bir yilgacha tezlashtirilgan holda olish taklif qilinganini eslatib oʻtadi.

Sharh mualliflarining fikricha, yuqori maosh va bir martalik toʻlov ayrim muhojirlarni qiziqtirishi mumkin. Bir qator mehnat muhojirlaridan yollanganlar Rossiya qoʻshinlarining yoʻqotish darajasi nihoyatda yuqori boʻlgan Ukrainadagi frontga joʻnatilishi mumkin, deya xabar beradi Britaniya Mudofaa vazirligi.

Sharhda aytilishicha, mehnat muhojirlarini yollash Rossiya Mudofaa vazirligining Ukrainadagi urushda qatnashish uchun 400 ming nafar “koʻngilli”ni jalb qilish maqsadiga erishish yoʻlidagi harakatlarining bir qismidir. Rossiya hukumati ichki norozilikni minimallashtirish uchun yangi majburiy safarbarlikni iloji boricha kechiktirishga harakat qiladi.

2022-yil sentyabr oyida Rossiyada Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini tezkorlik bilan olish imkoniyatini beruvchi tuzatishlar qabul qilindi. Dekabr oyida Moskva jamoat transportida oʻzbek, qirgʻiz va tojik tillarida Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish evaziga Rossiya Qurolli kuchlari safiga qoʻshilish haqidagi eʼlonlar tarqatilgani xabar qilingan edi.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni qurolli kuchlar safiga qoʻshilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi hamda buning uchun jinoiy javobgarlikdan ogohlantirdi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.