JSST COVID-19 pandemiyasi tugaganini eʼlon qildi
Jahon boʻylab millionlab odam oʻlimiga sabab boʻlgan COVID-19 pandemiyasi poyoniga yetdi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus maʼlum qildi.
“COVID-19 dunyomizni ostin-ustun qilib tashladi. JSST qariyb 7 million oʻlim boʻlgani haqida maʼlum qilgan, biroq biz qurbonlar soni bundan bir necha bor koʻpligini – kamida 20 million nafar ekanini bilamiz”, degan Gebreyesus oʻz chiqishi chogʻida.
JSST rahbari tashkilot qarori COVID-19ning inson salomatligi uchun global xavf boʻlmay qoʻyganini anglatmasligini qoʻshimcha qilgan.
“Kasallik va oʻlimning yangi toʻlqinlarini keltirib chiqaruvchi yangi variantlar paydo boʻlishi xavfi hali ham mavjud”, deya qayd etgan Gebreyesus.
