Yangiliklar

Fakt: Qashqadaryo va Jizzaxda qor yog‘di

Shanba kuni Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari bo‘ylab qor yog‘ishi kuzatilmoqda. Xorazm markazi Urganchda esa 1 sutka davomida 23.7 mm yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. “Qor va haroratning nolgacha pasayishi meva va gullarni sovuq urishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin”, — deb yozmoqda O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov.

6-may kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani tog‘li “Ko‘l” kuzatuv stansiyasida havo harorati +3 darajani tashkil etdi. Bu haqda O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov o‘zining Telegram kanalida yozmoqda.

Erta tong stansiyada harorat nol darajaga yaqinlashgan va viloyatning tog‘li hududlaridan nam havo oqimi o‘tgani uchun dengiz sathidan 2 km dan yuqori tog‘li hududlarda qor hodisasi kuzatilgan.

Xususan, Shahrisabzning tog‘li Sarichashma qishlog‘ida qor yog‘ib o‘tdi.

Mahalliy Telegram kanallarda e’lon qilingan videolarga ko‘ra, Kitob tumani tog‘li Aspiduxtar va Denovbuloq qishloqlarida ham qor yog‘gan.

Qashqadaryodan so‘ng Jizzax viloyati Zomin tumani dengiz sathidan 2 km yuqorilikdagi Zomin sanatoriyasi atrofida ham qor yog‘a boshladi.

Xorazm viloyati markazi Urganchda esa 1 sutka davomida umumiy 23.7 mm yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. Xiva tumanida 13 mm, Tuyamo‘yinda 4 mm, Gurlanda 0.6 mm gacha yog‘in tushgan.

6-mayda vodiy viloyatlaridan tashqari (Farg‘ona viloyatida erta tongdan beri kuchli shamol kuzatilmoqda) joylarda yog‘ingarchilik kutiladi. 2000 metrdan yuqori tog‘li hududlarda qor yog‘ishi mumkin.

5-may, juma kuni tushdan so‘ng O‘zbekistonning janubiy qismi, xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida chang bo‘ronlari sodir bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet xizmati O‘zbekistonda ish haftasi davomida harorat Qozog‘iston hududlaridan nisbatan kuchsiz salqin havo oqimi kirib kelishi hisobiga barqaror bo‘lishi aytilgandi. Shuningdek, dam olish kunlari ham havo salqin bo‘lishi prognoz qilingan.

5−7-may kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan kuchli yomg‘irlar sababli 9 ta viloyatda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi, shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.