Sunʼiy intellekt 300 million kishini ishsiz qoldirishi mumkin
«Goldman Sachs» hisobotiga ko‘ra, sunʼiy intellekt texnologiyasining rivojlanishi sabab dunyo bo‘yicha 300 million kishi ishsiz qolishi mumkin.
Bu haqda moliyaviy institut o‘tkazgan tadqiqot hisobotida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, sunʼiy intellekt tufayli dunyo mehnat bozorida jiddiy buzilish kuzatilishi mumkin. AQSH va Yevropadagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ish o‘rinlarining uchdan ikki qismi maʼlum darajada avtomatlashtirilishi mumkin. Sunʼiy intellekt 300 million ish o‘rniga taʼsir o‘tkazishi va mehnat bozorida o‘zgarishlar kuzatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yevropa bo‘yicha 24 foiz, AQSHda esa 25 foiz kasblar avtomatlashtirilishi mumkinligi taxmin qilinyapti.
Tahlilga ko‘ra, sunʼiy intellekt texnologiyasi rivojlangan bozorlarga qaraganda rivojlanayotganlariga kamroq taʼsir o‘tkazadi. Ammo global miqyosda kasblarning 18 foizi sunʼiy intellekt tomonidan avtomatlashtirilishi mumkin. Gonkong, Isroil, Yaponiya, Shvetsiya va AQSH mehnat bozorlari sunʼiy intellekt sabab eng ko‘p o‘zgarishga uchrashi kutilyapti.
