Alibaba asoschisi Jek Ma bir yildan so‘ng Xitoyga qaytdi
Alibaba asoschisi va milliarder Jek Ma bir yilga yaqin xorijda bo‘lganidan so‘ng Xitoyga qaytdi. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, Jek Ma yilning asosiy qismini Tokioda o‘tkazgan va bir necha kun avval Xitoyga qaytgan.
Alibaba Groupga tegishli South China Morning Post gazetasining xabar berishicha, 27-mart kuni Jek Ma o‘zi va Alibaba hamkorlari bilan 2017-yilda ona shahri Xanchjouda asos solgan maktabga tashrif buyurgan. Tadbirkor talabalar va o‘qituvchilar bilan uchrashib, ular bilan sunʼiy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda taʼlimni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
«Janob Ma Xitoy va xorijga tez-tez sayohat qiladi», dedi Jek Ma jamg‘armasi vakili The Wall Steet Journalga milliarderning Xitoyga qaytishini izohlash so‘ralganda.
Jek Ma yaqinda Tokioda yashayotgani haqida 2022-yil noyabr oyida Financial Times yozgan edi. Gazeta xabariga ko‘ra, u oilasi, shaxsiy oshpazi va tansoqchilari bilan Yaponiyaga jo‘nab ketgan.
Jek Ma 2020-yil oktabr oyida xitoylik tartibga soluvchilarni oshkora tanqid qilgan va davlat banklarini lombard mentalitetida ayblaganidan keyin omma oldida chiqishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng nazoratchilar uni suhbatga chaqirishdi. Xitoy hukumati Alibabani monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani uchun rekord darajadagi 2,8 milliard dollar jarimaga tortdi.
Financial Timesning qayd etishicha, tadbirkor Xitoyni “Pekin tomonidan mamlakat texnologiya sektori va uning eng nufuzli biznesmenlariga bosim davom etayotgan bir paytda” tark etgan.
