Manba: Shavkat Umrzoqov Toshkent shahrining yangi hokimi bo‘ldi
«O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Bo‘ronovich Umrzoqov nomzodi Toshkent shahar hokimi lavozimi uchun ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” bir necha manbasiga tayanib xabar berdi.
Ko‘p o‘tmay prezident administratsiyasiga yaqin hisoblangan Davlat boshqaruvi telegram-kanali esa Shavkat Umrzoqovni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida eʼlon qildi.
Shavkat Umrzoqov 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam prokuratura tizimida ishlagan, 2011-yil iyunidan 2013-yil sentyabriga qadar Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan, 2013-2018-yillarda O‘zbekiston bosh prokuraturasida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2018-yil iyunida «O‘zavtosanoat» raisi etib tayinlangandi.
«Mehnat shuhrati» ordeni (2020) va «Sodiq xizmatlari uchun» medali (2013) bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil aprelidan buyon Toshkent shahriga hokimlik qilib kelgan Ortiqxo‘jayev 2023 yilning ilk haftalarida shaharda elektr va tabiiy gaz taʼminoti bilan bog‘liq jiddiy muammo yuzaga kelishi ortidan 16-yanvar kuni ishdan bo‘shatildi.
Shundan so‘ng, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
