UNICEF rahbari Tolibonni qizlarni zudlik bilan maktablarga qaytarishga chaqirdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel Afg‘onistonni nazorat qiluvchi «Tolibon»ni qizlarning o‘rta maktablarda o‘qishiga ruxsat berishga chaqirdi.
“Afg‘on hukumati amalda qizlarning o‘rta maktabga borishiga yana bir bor to‘sqinlik qilgani juda achinarli, bu asossiz va uzoqni ko‘ra olmaydigan qaror milliondan ortiq qizning orzu-umidlarini puchga chiqarmoqda. Qaror butun mamlakat bo‘ylab qizlar va ayollarning huquqlari borasida davom etayotgan pasayishning yana bir qorong‘u bosqichidir”, – deya Rasselning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi BMT saytida.
Bir kun avval Afg‘oniston yangi o‘quv yili boshlanganini rasman eʼlon qildi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, «Tolibon» yetakchilari bir necha bor, jumladan, BMT vakillariga ham qizlar va ayollarning taʼlim olishiga xalaqit bermasliklarini vaʼda qilgan. Ammo ular bir necha yildan beri o‘qish huquqidan mahrum.
UNICEF rahbarining fikricha, taʼlim olish imkoniyatining yo‘qligi bolalarning ruhiy salomatligi va farovonligiga, shuningdek, butun mamlakat kelajagiga katta zarar yetkazmoqda.
«Qizlar va o‘smirlar, jumladan, nogironlar ham taʼlim olish huquqiga ega. Qizlarni o‘qish imkoniyatidan mahrum qilish mamlakat iqtisodiyoti va sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi», – dedi u.
Afg‘oniston dunyodagi qizlar o‘qiy olmaydigan yagona davlatdir. 2021-yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyat Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilgach, o‘rta maktablarda qizlarning o‘qishi to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng Tolibon afg‘on ayollariga keyingi ogohlantirishgacha universitetlarda o‘qishni taqiqlab qo‘ydi. 100 000 dan ortiq talaba qizlar davlat va xususiy universitetlarda o‘qishlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. O‘tgan yilning mart oyida 6-sinfdan yuqori qizlarning o‘qishiga cheklov muddati uzaytirilgan edi.
