Bayden COVID kelib chiqishi haqidagi razvedka maʼlumotlarini oshkor qilishni buyurdi
AQSH prezidenti Jo Bayden SARS-CoV-2 koronavirusining kelib chiqishi haqidagi baʼzi razvedka maʼlumotlarini maxfiylikdan chiqarishni talab qiluvchi qonun loyihasini imzoladi, deb xabar qildi Oq uy 20-mart, dushanba kuni.
«Men Kongressning 2019-yilda koronavirusning kelib chiqishi haqida iloji boricha ko‘proq maʼlumot nashr etish maqsadiga qo‘shilaman. 2021-yilda men razvedka hamjamiyatiga COVID-19 kelib chiqishini tekshirish uchun barcha vositalardan foydalanishni topshirdim va bu ish davom etmoqda», deyiladi Bayden bayonotida.
«Mening maʼmuriyatim COVID-19ning kelib chiqishiga oid barcha maxfiy maʼlumotlarni, shu jumladan Uhan virusologiya instituti bilan aloqalarni ko‘rib chiqishda davom etadi. Ushbu qonunni amalga oshirishda maʼmuriyatim ushbu maʼlumotlarning maxfiyligini ochib beradi va imkon qadar ko‘proq maʼlumot taqdim etadi», – deya vaʼda berdi prezident.
Koronavirusning kelib chiqishi to‘g‘risidagi qonun tashabbuskorlaridan biri respublikachi senator Josh Xouli edi. Qonun loyihasi oxir-oqibat Oq uyga imzolash uchun yuborilgunga qadar Senat va Vakillar palatasida eʼtirozlarsiz ovoz berishdan o‘tdi.
Milliy razvedkadan «Uhan virusologiya instituti va COVID kelib chiqishi o‘rtasidagi potensial aloqalar to‘g‘risida» har qanday maʼlumotlarni oshkor qilishni talab qiladigan qonun loyihasi The Wall Street Journal materiali eʼlon qilingandan so‘ng ishlab chiqilgan bo‘lib, unda nashr AQSH Energetika vazirligining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisobotiga tayangan.
Unda idora COVID-19 pandemiyasi laboratoriyadan kelib chiqqanini aytgan. Energetika vazirligi virusning laboratoriyadan sizib chiqishi nazariyasiga sodiq qolgan FQBdan keyin AQSHning ikkinchi federal idorasiga aylandi. Yana to‘rtta razvedka agentligi virus tabiiy ravishda paydo bo‘lgan deb hisoblamoqda, ikkitasi, shu jumladan Markaziy razvedka boshqarmasi hali bir qarorga kelmadi.
