Yangiliklar

Oʻzbekiston Yaponiyadan 200 mln dollar qarz oladi

Shavkat Mirziyoyev “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida ʻMeva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)ʻ loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Unga koʻra, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) oʻrtasida Oʻzbekistonda “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini moliyalashtirish uchun 200,0 million AQSH dollari kredit liniyasi uchun 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan yillik SOFR + 1,25 foiz stavkada 194,240 million AQSH dollari; konsalting xizmatlari uchun 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan yillik SOFR + 1,25 foiz stavkada 5,760 million AQSH dollari miqdoridagi qarz ajratilishi boʻyicha Qarz bitimi imzolangan.

Loyihaning umumiy qiymati 323,019 million AQSH dollariga teng, shundan 200 million dollari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) qarzi, 58,272 million dollar qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplab berish va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklida Oʻzbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi, 64,747 million dollar loyiha ishtirokchilarining (kredit oluvchi loyiha tashabbuskorlarining) ulushidan iborat. Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2023—2028 yillar) tashkil etadi.

Shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:

  • loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga kreditlar oʻzbek soʻmida taqdim etiladi;
  • AQSH dollariga nisbatan oʻzbek soʻmining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan xarajatlar Oʻzbekiston respublika byudjeti hisobidan qoplanadi;
  • loyiha doirasida loyiha tashabbuskorlariga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar loyiha tashabbuskorlariga Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi;
  • kredit mablagʻlari loyiha tashabbuskorlariga mahsulot yetishtirish, saqlash, qadoqlash, qayta ishlash, shok usulida muzlatish, logistika (jumladan yuk tashish texnikalarini xarid qilish) va boshqa quvvatlarni yaratish, oziq-ovqat sanoati loyihalariga, shuningdek, aylanma mablagʻlar uchun ajratiladi.

Loyiha Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshiriladi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.