Yangiliklar

“Shaxs oʻz aybsizligini isbotlashda ishtirok etishga majbur emas” — Surayyo Rahmonova

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga inson huquqlari himoyasiga oid qator progressiv kafolatlar kiritilmoqdaki, ularning zaminida inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi deb eʼtirof etilishi gʻoyasi yotadi. Aynan mana shu yondashuv asosida Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda. Shu yangi qoidalar qatorida aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi Konstitutsiyada yanada kengaytirilmoqda.

Aybsizlik prezumpsiyasi – bu insoniyat tamadduni tarixida shaxs huquqlariga oid eng buyuk kafolatdir. Aslida tarixan bu kafolat jinoyat protsessiga siyosiy hayotdan kelgan ijtimoiy-siyosiy gʻoyadir. Yaʼni, XVIII asr oʻrtalaridagi Yevropa jamiyatida kechayotgan siyosiy-ijtimoiy voqealar, jumladan fransuz inqilobi davrida – jinoyat va jazo tizimiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgan tarixiy jarayonda shakllangan.

Aybsizlik prezumpsiyasi gʻoyasi birinchi bor Fransiyada tatbiq etilgan hamda 1769 yilda “Inson va fuqaroning huquqlari Deklaratsiyasi”da mustahkamlangan. Aynan shu vaqtdan boshlab tarixan insonga boʻlgan yondashuvning butunlay yangi shakli eʼtirof etilib, insonni cheklanmagan muddatda hibsda saqlash va unga nisbatan noinsoniy muomilada boʻlish, qiynoqqa solishga qurilgan oʻrta asrlar inkvizitsiyasi mutlaqo inkor etilgan.

Yaʼni, aynan aybsizlik prezumpsiyasiga koʻra, davlat va jamiyat uchun shaxsning shaʼni va qadr-qimmati uning jinoyatda aybini isbotlanishidan koʻra muhimroqdir. Mazkur prinsipga muvofiq, tergov organlari oʻz funksiyasidan kelib chiqib, sudga mazkur shaxs jinoyat sodir etganligi haqida oʻzining tergov versiyasinigina taqdim qiladi, biroq bu shaxs hatto jinoyat sodir etganida ushlangan boʻlsa ham, uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar aybsizdir.

Albatta, tarixga nigoh tashlasak, aybsizlik prezumpsiyasi hatto sovet tuzumi Jinoyat-protsessual kodeksida ham belgilangan edi. Lekin shubhasiz, bu davrda mazkur prinsip deklarativ ravishda, faqat qogʻozda boʻlgan. Inkvizitsiyaviy sovet jinoyat protsessida isbotlashning eng samarali yoʻli bu – aybiga iqrorlik koʻrsatmalarini olish hisoblanardi. Va bu yoʻlda har qanday usullar oʻzini oqlaydi, degan repressiv qoida amal qilardi. Aynan ana shu ogʻir tarixiy davrlarni boshidan kechirgan xalqimizda jinoyat tergovi haqida soʻz borganda hali hanuz quyidagi stereotip fikrlash saqlanib qolgan: “tergov organlariga kuning tushmasin, tushsa tamom, qutula olmaysan, tergov nima desa shuni qilishga, gapirishga majbur boʻlasan”. Shubhasiz, bunday tafakkurdan batamom voz kechishimiz zarur, zero insonga boʻlgan bu kabi yondashuv odil sudlov prinsiplariga mutlaqo ziddir.

Taʼkidlash joizki, Aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi inson huquqlari sohasidagi nufuzli xalqaro hujjatlarga asoslanadi.

Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasidagi “Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar taʼminlangan holda, ochiq sud majlisi yoʻli bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir”.

Aybsizlik prezupmsiyasining mazkur kafolati Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro paktning 14-moddasidagi “oʻziga oʻzi qarshi koʻrsatuv berishga yoki oʻzini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” qoidasida yanada rivojlantirilgan.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Bu yangi konstitutsiyaviy qoida nimani anglatadi? Jinoyat boʻyicha isbotlash majburiyati alohida masʼul mansabdor shaxslarga yuklatilgan. Yaʼni, dastlabki tergovda shaxsga nisbatan ayblov tergovchi tomonidan eʼlon qilinadi, sud muhokamasida esa ayblovni davlat ayblovchisi qoʻllab-quvvatlaydi. Aynan shuning uchun ham shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash faqat mazkur mansabdor shaxslar zimmasida. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi isbotlash jarayonida ishtirok etishga majbur emas. Agar istasa, shaxs ushlangan vaqtidan to hukm chiqarilgunga qadar umuman sukut saqlashi mumkin – bu uning huquqi.

Yaʼni, jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxs tergovchiga “Aybdor yoki aybsizligimni isbotlashga majbur emasman, bu sizning majburiyatingiz!” deyishga toʻla haqlidir. Albatta, oddiy turmushimizda bunday vaziyatni tasavvur qilishimiz ancha mushkul. Lekin aslida aybsizlik prezumpsiyasining mazkur qoidasi har bir shaxsga aynan shunday dadil pozitsiyada boʻlishni kafolatlaydi.

Tergov amaliyoti shuni koʻrsatadiki, odatda shaxs ushlanganda yoki unga nisbatan jinoyat ishi ochilganda u ogʻir ruhiy holatga tushadi, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi va shunday vaziyatda u oʻz huquqlarini toʻliq anglay olmaydi. Bunday murakkab ruhiy holatda jinoyatda aybi borligini isbotlash oʻzining emas, tergov organlarining vazifasi ekanligini tushunmagan fuqarolarimiz oʻziga qarshi koʻrsatmalar berishi afsuski, hayotimizda koʻplab uchraydigan holatdir.

Xuddi shuningdek bu kafolat borasida gapiradigan boʻlsak, aytish zarurki, sukut saqlash huquqiga boʻlgan ehtiyoj jinoyat protsessida eng boshlangʻich nuqtasining oʻzida – shaxs jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlangan zahotiyoq yuzaga keladi. Yaʼni, shaxsning harakatlanish erkinligi cheklanishi bilan darhol unga mazkur huquqi tushuntirilishi shart hisoblanadi. Nima uchun aynan shu bosqichda bu muhim? Chunki aynan shaxs ushlangan payti unga tergov organlari tomonidan turli jismoniy va ruhiy tazyiq qilish ehtimoli nihoyatda kattadir.

Aynan shunday xavflar nuqtai nazaridan ham shaxs oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qoidasining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi zarur.

Aytish muhimki, odatiy hayotda koʻpchilik insonlar oʻzining bu kabi protsessual huquqlarini jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlanganida, yaʼni murakkab vaziyatga tushganidan keyingina bilishga intiladi, qachonki shunday konstitutsiyaviy huquqi bor ekanligini ayblov eʼlon qilib boʻlinganidan keyin emas, aksincha, bundan avval bilishi va uni taʼminlanishini talab etishi zarur.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan yana bir muhim kafolat — “Shaxsning oʻz aybini tan olishi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas” ekanligi toʻgʻrisidagi qoidadir. Mazkur kafolatning ahamiyati nimada?

Aynan jinoyat protsessida shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish masalasi juda muhim. Sababi, aynan jinoyat protsessida insonga asossiz jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazish xavfi katta. Shu sababdan ham, qonun kimgadir emas, aynan mansabdor shaxslarga jinoyat protsessi ishtirokchilari bilan har qanday noprotsessual usulda muloqot qilishni, yaʼni oʻz hokimiyat vakolatini suiisteʼmol qilishni qatʼiyan taqiqlaydi. Aytish kerakki, tergov vaqtida qoʻllaniladigan gʻayriqonuniy harakatlar nafaqat qiynoq va boshqa zoʻrlik usullaridan iborat, yaʼni, jinoiy taʼqib ostidagi shaxsga nisbatan undan iqrorlik koʻrsatmalari olish maqsadida oʻtkaziladigan bosim, nafaqat jismoniy, balki ruhiy tazyiq koʻrinishida ham kuzatilishi mumkin. Aynan bunday noqonuniy usullarni qoʻllab olingan har qanday dalillardan foydalanish qonunan taqiqlanadi. Yaʼni, tergov vaqtida iqrorlik koʻrsatmalari har qanday bosim ostida olingan boʻlsa, soʻzsiz nomaqbul dalil hisoblanadi va ulardan sudda foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, qonunda shunday protsessual talab amal qiladiki, unga binoan agar sud majlisida masalan, sudlanuvchi tergovda unga nisbatan ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaat qilsa, sudya bu murojaatni sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazgan holda majburiy tekshirishi zarur. Aynan ana shu kafolatning Konstitutsiyada mustahkamlanishi har qanday bu kabi nomaqbul dalillardan foydalanishga chek qoʻyadi. Muhim jihati, bunda nafaqat noqonuniy usulda olingan iqrorlik koʻrsatmalari, balki ularning asosida ayblanuvchi ishtirokida oʻtkazilgan boshqa tergov harakatlari va ularning natijasida olingan dalillar ham oʻz yuridik kuchini yoʻqotadi.

Shu bilan birgalikda, taklif etilayotgan mazkur konstitutsiyaviy normaning eng muhim kafolati shundan iboratki, iqrorlik koʻrsatmalari ixtiyoriy ravishda yoki bosim ostida olinganligidan qatʼiy nazar, ular ish yuzasidan yagona dalil boʻlsa, shaxs aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas! Yaʼni bunday shaxs huquqlari kafolati, tergov organlari zimmasiga konstitutsiyaviy darajada alohida masʼuliyat yuklaydiki, endilikda ular shaxsni aybini isbotlash jarayonida iqrorlik koʻrsatmalariga asosiy urgʻu bermasligi va ayblovni tergov yoʻli bilan tekshirilgan boshqa dalillar majmui bilan isbotlashlari shart.

Agar mazkur kafolat talablari bajarilmasa, bunday holatlarda sud shaxsning aybini tasdiqlovchi dalillarning yetarli emasligi tufayli oqlov hukmi chiqaradi. Yaʼni, bunda “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan halqaro standart amal qiladi.

Jumladan, bunday oqilona va adolatli yondashuvning dalolati sifatida sudlar tomonidan chiqarilayotgan oqlov hukmlari tobora koʻpayib borayotganini, nohaq ayblanayotgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinayotganligini keltirish mumkin. Jumladan, qiyoslab aytadigan boʻlsak, soʻnggi olti yilda (2016-2022) 4 712 nafar nohaq ayblangan shaxs oqlangan boʻlsa, bundan avvalgi toʻqqiz yil ichida esa (2006-2015) atigi 138 nafar shaxs oqlangan xolos. Bu davrlar orasidagi jiddiy oʻzaro farq ham inson huquqlarini amalda taʼminlash borasidagi soʻnggi yillarda olib borilayotgan saʼy-harakatlarning qanchalik samara berayotganligini tasdiqlaydi.

Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda koʻzda tutilayotgan yangi kafolatlar butun jahon eʼtirof etgan aybsizlik prezumpsiyasining “oltin qoidalari” boʻlib, ularning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilinishining yangi va ishonchli mexanizmini ishga soladi. Bu progressiv qoidalarning Konstitutsiyada qatʼiylashtirilishi fuqarolarimizni asossiz va qonunga xilof jinoiy taʼqibdan himoya qiladi, tergov organlari tomonidan jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning huquqlarini buzilishini oldini oladi.

Rahmonova Surayyo
yuridik fanlari doktori, professor,
konstitutsiyaviy komissiya eksperti

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.