Putin Kabayeva uchun Rossiyadagi eng katta kvartirani sotib oldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Olimpiya chempioni Alina Kabayeva uchun Rossiyadagi eng katta kvartirani sotib oldi. To‘lov Putinning “hamyoni” – Kipr ofshor Ermira mablag‘lari hisobidan to‘langan. Buni “Proekt” nashrining tekshiruvi tasdiqlaydi.
Gap Sochi «Royal Park» turar-joy majmuasida qurilgan 2 600 kvadrat metr maydonga ega ikki qavatli pentxaus haqida ketmoqda. Uning suzish havzasi, kinoteatri, ayvon va o‘ziga xos vertolyot maydonchasi mavjud. Pentxaus ustida Valentin Yudashkin ishlagan. 2021-yilda ЦИАН ushbu pentxausni «Rossiyadagi eng katta kvartira» deb tan oldi.
“Proekt”ning maʼlum qilishicha, 2011-yilda Oleg Rudnov pentxausni o‘z nomiga rasmiylashtirgan. Ko‘chmas mulk sotib olish uchun pul unga prezidentning “hamyonidan” – Kipr ofshor Ermira bankidan kelgan. Qayd etilishicha, pentxaus Rudnovga taxminan 90 million rublga tushgan, bu esa ishlab chiqaruvchi qo‘ygan narxdan besh baravar past.
Nashr manbasining taʼkidlashicha, Rudnov ushbu pentxausni Kabayeva uchun maxsus sotib olgan. Bundan tashqari, turar-joy majmuasining yuqori qavatlaridagi va pentxaus qavatlariga tutashgan ikkita kvartira Kabayevaning buvisi Anna Zatsepilinaga berildi.
“Proekt” muxbiri xaridor niqobi ostida ushbu uydagi kvartiralarni sotayotgan ikki riyeltor bilan uchrashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, pentxaus “Kabayevaga tegishli” deb eshitishgan.
“Proekt” nashri, shuningdek, 1 200 kvadrat metr maydonga ega yog‘och minora Putinning Valdaydagi qarorgohidan 800 metr uzoqlikda qurilganini aniqladi. U Vladimir Putinning do‘sti Yuriy Kovalchukga ro‘yxatdan o‘tgan Prime kompaniyasiga berilgan. Prezident qarorgohi tartibidan xabardor manba jurnalistlarga bu uy Kabayeva uchun maxsus qurilganini aytdi.
Surishtiruv maʼlumotlariga ko‘ra, Alina Kabayevaning barcha ko‘chmas mulkining taxminiy qiymati 120 million dollarga yaqinlashmoqda.
