Yangiliklar

Statistika agentligi: O‘zbekistonda nikohlar kamayib, ajrashishlar soni ortdi

O‘zbekistonning 2022-yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlari taqdim etildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda qayd etilgan nikohlar soni 296,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygan. Nikohdan ajrashishlar soni esa 48,7 mingtani tashkil etib, oxirgi 5 yilda ko‘paygan.

2022-yilda O‘zbekistonda nikohlar kamayib, ajrashishlar ko‘paygan. Bu haqda Statistika agentligi tomonidan taqdim qilingan O‘zbekistonning 2022-yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarida qayd etilgan.

Tahlillarga ko‘ra, yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan nikohlar soni 296,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygani kuzatilgan. Misol uchun, 2018-yilda 311,4 mingta, 2019-yilda 310,9 mingta, 2020-yilda 296,8 mingta, 2021-yilda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan.

2022-yilda nikoh qurganlar shaharlarda 149,3 mingtani, qishloq joylarida 147,4 mingtani tashkil etdi. Nikohlangan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yoshni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 26,5 yoshni tashkil etgan. Nikohlarning eng ko‘pi, ya’ni 55,5 foizi 25 yoshgacha bo‘lganlar orasida tuzilgan.

«So‘nggi 5 yil davomida qayd etilgan nikohlar soni oylar kesimida tahlil etilganda, nisbatan kam nikoh tuzganlar soni aprel va may oylariga, eng ko‘p nikoh tuzganlar soni esa sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keladi», — deyiladi hisobotda.

2022-yilda nikohdan ajrashishlar soni 48,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli ko‘paygani kuzatildi. Misol uchun, 2018-yilda 32,3 mingta, 2019-yilda 31,4 mingta, 2020 yilda 28,2 mingta, 2021 yilda 39,3 mingta ajrashish qayd etilgan.

2022 yilda nikohdan ajralishlarning 30,2 mingtasi shaharda, 18,5 mingtasi qishloq joylarida kuzatilgan.

«Nikohdan ajrashganlarning o‘rtacha yoshi erkaklar uchun 39,2 yoshni, ayollar uchun 33,1 yoshni tashkil etgan. Nikohdan ajrashganlarning eng ko‘pi, ya’ni 50,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lganlarga to‘g‘ri keladi», — deyiladi hisobotda.

Nikohdan ajrashganlarning farzandlar soni bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha: 34,3 foizi farzandsiz, 41,9 foizi bir farzandi bilan, 23,8 foizi 2 va undan ortiq farzandi bilan ajrashgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.