Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolari chegaradan ID-kartalar orqali oʻtishlari mumkin boʻladi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z fuqarolari uchun chegarani kesib o‘tishni soddalashtirishga kelishib oldi, deb yozadi O‘zA.
2006-yil oktabr oyida imzolangan fuqarolarning o‘zaro sayohatlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur hujjatga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha bayonnomalar almashinuvi Shavkat Mirziyoevning 27-yanvar kuni Bishkekka tashrifi chogʻida boʻlib oʻtdi.
Endilikda O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga ID-kartalari bilan, pasport ko‘rsatmasdan kirishlari mumkin bo‘ladi. Xuddi shunday tartib Qirg‘iziston fuqarolariga ham O‘zbekistonga kirishda qo‘llaniladi.
Fuqarolarning chegaradan o‘tayotgani haqidagi ma’lumotlar elektron shaklda qayd etiladi, shuning uchun pasportga muhr bosishga hojat qolmaydi.
Ushbu tartib chegarani istalgan transport vositasi – samolyotlar, poyezdlar, avtomobillar, avtobuslar orqali kesib o‘tishda qo‘llaniladi. U ikki davlat tomonidan ma’qullangandan keyin kuchga kiradi. Bu taxminan ikki oy davom etishi kutilmoqda.
Agentlikning yozishicha, bu O‘zbekistonning anklavlari hisoblangan So‘x, Shohimardon, Chung‘ara tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining hayotini osonlashtiradi, shuningdek, “chegaradan o‘tishda byurokratiyaga barham beradi”.
O‘zA xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegarani ID-kartalar orqali kesib o‘tish tartibini o‘rnatgan birinchi davlat bo‘ldi.
Noyabr oyida Bosh vazir Abdulla Aripov mart oyida boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida tomonlar fuqarolarning shaxsiy guvohnomalari orqali kirish va chiqishlarini belgilovchi tizimni ishlab chiqishga kelishib olgani haqida xabar bergan edi.
