SVV: Buxoroda “Sinepar” siropini ichish tufayli bolalar o‘limi kuzatilgani haqidagi xabarlar asossiz
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu maʼlumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid ekanligini maʼlum qiladi.
O‘rganishlar davomida Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmagan.
O‘zbekistonda Sinepar nomidagi barcha dori vositalar xavfli dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Yanvar oyining boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish bilan chiqdi. Tashkilot barchani etilenglikoldan ogohlikka chaqirmoqda. O‘zbekiston uch oy ichida shu moddadan ommaviy zaharlanish kuzatilgan uchinchi davlat bo‘ldi. Sababi, tergov versiyasiga ko‘ra, chetdan kirgan dorilar tayinli tekshirilmagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, 11 yanvar kuni “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish e’lon qildi. “Dok-1 Maks” preparati O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
JSSTning bildirishicha, tashkilot O‘zbekistondan tegishli xabarnomani 22 dekabr kuni olgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tkazgan tekshiruvlar har ikkala dori vositasi tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdordagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari borligini ko‘rsatgan.
