O‘zbekiston Tojikistondan elektr energiyasini import qilishni boshladimi?
TASS axborot agentligi o‘z saytida 20-yanvar kuni «O‘zbekiston sovuq tufayli Tojikistondan elektr energiyasi importini oshirdi» nomli xabarni chop etdi.
Xabarda O‘zbekistonning “Viloyat elektr tarmoqlari” korxonasi havoning sovuq kelishi sababli Tojikistondan O‘zbekistonning eng janubiy, Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatiga elektr energiyasi importini oshirdi, deyiladi va manbaa sifatida “Hududiy elektr tarmoqlari”ning Surxondaryo hududiy filialining axborot xizmati ko‘rsatiladi.

Factchecking.uz O‘zbekiston Energetika Vazirligi Matbuot xizmati bilan bog’langanda ushbu xabarning noto’g’ri ekanligini aniqladi. Ma’lum bo’lishicha, aslida bu elektr energiyasi import emas. Surxondaryo viloyati Tojikistondan olgan energiyasini Sirdaryo viloyatidan Tojikiston tomoniga qaytaradi.
Tojikistonning O‘zbekistonga energiya import qilishi haqidagi axborotni Tojikistonning «Barki Tojik» xoldingi ham rad etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 18 yanvar kuni viloyatning Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 70 foiz, Bandixon, Qiziriq, Sherobod tumanlarining 90 foiz va Boysun, Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlaridagi barcha iste’molchilarga Tojikiston Respublikasining “Regar-500” podstansiyasidan chiquvchi 220kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlari orqali elektr toki yetkazib berilmoqda.


