Rossiya prezidentlik saylovlariga tayyorgarlikni boshladi
Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi kelasi yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Bu haqda mamlakat MSK rahbari Ella Pamfilova ma’lum qildi.
Pamfilovaning so‘zlariga ko‘ra, hozir MSK “prezident saylovoldi tashviqotiga e’tibor qaratgan holda” raqamli, uslubiy, tashkiliy va kadrlar tayyorlash ustida ishlamoqda. “Chunki biz hozirgi shart-sharoitlarda prezidentlik saylovlari qanday o‘tishini tushunamiz”, — dedi Pamfilova.
Rossiyada prezidentlik saylovlari 2024-yil 17-martda bo‘lib o‘tadi. Bundan avval, 2018-yil 7-may kuni Vladimir Putinning to‘rtinchi prezidentlik muddati boshlangandi. 2020-yilda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq 2024-yilda Putin yana prezidentlik uchun nomzodini qo‘yishi mumkin. 2021-yil oktabr oyida CNBC bilan intervyuda Rossiya rahbari kelgusi saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha hali bir qarorga kelmaganini aytgandi.
