Toshkentdagi ayrim bozorlar vaqtincha yopildi
Mahalliy matbuotning xabar qilishicha, Toshkentdagi “Bek baraka” savdo kompleksi noqulay ob-havo sharoiti tufayli 3 kunga o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
EFFECT.UZ nashriga ko‘ra, “Abu Saxiy” savdo markazi ham tadbirkorlar va xaridorlar uchun o‘z ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.
Bozorlarni vaqtincha yopish qaroriga “Ippodrom” bozoridagi hodisa sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, 10 yanvar kuni Toshkentdagi sobiq “Ippodrom” hozirgi «Chilonzor buyum savdo kompleksi» hududidagi 3-4 ayvonlar yon tomoni va 5-6 ayvonlar orqa tomonida yo‘laklarda o‘rnatilgan soyabonlar (naves) qor qalin yoqqanligi sababli og‘irlikni ko‘tara olmay qulab tushgan.
Shu hududdagi fuqarolar va tadbirkorlar ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida evakuatsiya qilingan. Ushbu savdo do‘konlari vaqtinchalik yopilgan. Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘qligi aytildi.
