O‘zbekistonda aholi ayozli kunlarda energiya taʼminotidagi ehtimoliy uzilishlardan ogohlantirildi
O‘zbekiston Energetika vazirligi kelgusi haftada kutilayotgan anomal sovuq kunlari energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlum qildi.
Xabar qilinishicha, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘riladi.
Buning uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi.
Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi.
Energotizimdagi yirik isteʼmolchilarning kunlik elektr energiyasi isteʼmoli kamaytiriladi va tejalgan 11−12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi isteʼmoliga yo‘naltiriladi.
Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha isteʼmolchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi.
Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlaydilar.
