MB raisi: O‘zbekistonda “Mir” kartalariga xizmat ko‘rsatishni tiklash rejalanayotgani yo‘q
O‘zbekistondagi tijorat banklari Rossiyaning “Mir” kartalarini yana qabul qila boshlashga tayyor emas. Bu haqda “Kommersant” nashri Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurodov so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.
MB raisiga ko‘ra, hozirgi paytda tijorat banklarining mazkur kartalarga xizmat ko‘rsatishi uchun “katta xatar mavjud”. Ayni paytda vakil Rossiya va O‘zbekiston rossiyaliklar uchun naqd bo‘lmagan to‘lovlarni amalga oshirishni osonlashtirish ustida ishlayotganini, xususan, ularning O‘zbekistonga kelguniga qadar so‘m sotib olishiga imkon beruvchi mexanizmni yaratish ehtimoli borligini aytgan.
Avvalroq UZCARD umumrespublika protsessing markazi “texnik sabablarga ko‘ra” 23 sentyabrdan “Mir” kartalariga xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar qilgan.
Sentyabr oyi o‘rtalarida AQSH Moliya vazirligi “Mir” kartalariga xizmat ko‘rsatayotgan xorijiy banklarni sanksiya joriy etilishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirgan. Buning ortidan Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vyetnam va boshqa mamlakatlardagi qator banklar bu kartalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha cheklov joriy qilishgan edi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi ichida O‘zbekistonga sal kam 400 ming rossiyalik kelgan.
