Toshkent hokimiyati Qo‘yliq bozori buzilishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi
Toshkent shahar hokimiyati matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘yliq bozori buzilishi to‘g‘risida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etdi.
“Qo‘yliq dehkon bozorining to‘liq hududi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi ko‘zda tutilmagan. Asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o‘rni qurilish jarayoniga jalb etiladi. Bunda, asosiy bino va savdo rastalarining aksariyati o‘z joyida qoladi. Loyihaga ko‘ra, jalb etiladigan hududning umumiy maydoni 10 ming kv.metr atrofida bo‘ladi.
Qo‘yliq buyum bozori ham to‘liq olib qo‘yilmaydi. Bu yerda ham avtoturargoh hududi va bir nechta vaqtincha qurilmalarning o‘rni ishlarga jalb etilib, ular uchun kompensatsiya mablag‘lari to‘lab beriladi. Buyum bozorining ham asosiy pavilyoni o‘z joyida qoladi. Avtoturargoh hududi bilan birga ishlarga jalb etiladigan umumiy maydon 6,3 ming kv.metrni tashkil etadi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 22-iyun kuni “Yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Mazkur qarorning ikkinchi bandida “Toshkent shahar, Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan TRIUMVIRAT-QURILISH” MCHJ va “QO‘YLIQ DEHQON BOZORI” OAJ ko‘chmas mulk obyektlariga o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya berilganidan so‘ng, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga ruxsat berilsin”, deyiladi.
Qarorda Qo‘yliq bozorining 52 983 kvadrat metr maydoni kompensatsiya beriladigan hudud sifatida qayd etilgan.
Ammo Toshkent hokimiyati matbuot xizmatining bildirishicha “OAVda keltirilayotgan jadval faqatgina obyektlar haqidagi umumiy maʼlumotni aks ettirgan bo‘lib, ular buzilishidan dalolat bermaydi”.
