“Oʻzbekkosmos” OneWeb bilan memorandum imzoladi
“Oʻzbekkosmos” agentligi OneWeb kompaniyasi bilan memorandum imzoladi.
Markaziy Yevrosiyodagi birinchi Space Technology Conference STC-2022 konferensiyasi doirasida Britaniyaning OneWeb kompaniyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Memorandumning asosiy maqsadi — Oʻzbekiston bozoriga OneWeb sunʼiy yoʻldoshli aloqa kompaniyasini jalb qilishdir.
Unda OneWeb kompaniyasining geostatsionar boʻlmagan sunʼiy yoʻldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bogʻliq bir qator tadbirlar koʻzda tutilgan.
Tartibga solish masalalarini muhokama qilish va OneWeb sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanish uchun davlatning asosiy ehtiyojlarini aniqlash ham shular jumlasidan.
Memorandum doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi va OneWeb kompaniyasi innovatsion past orbital sunʼiy yoʻldosh telekommunikatsiya tizimidan foydalanish masalalari boʻyicha ekspertiza markazini tashkil etishga kelishib oldilar.
Tomonlar chekka hududlar va borish qiyin boʻlgan qishloqlarni sunʼiy yoʻldoshlar orqali yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlashni amalga oshirish uchun zarur choralarni koʻrishga kelishib oldilar.
OneWeb kompaniyasi bilan memorandum imzolanishi kosmik aloqa sohasini rivojlantirish sohasida muhim voqea hisoblanadi, — dedi “Oʻzbekkosmos” agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov.
Unga koʻra, bu axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarni samarali amalga oshirish va respublikaning chekka hududlarini ham innovatsion aloqa xizmatlari bilan taʼminlash imkonini beradi.
