OAV Jirinovskiyning oʻlimi haqida xabar berdi. SSV va Davlat dumasi spikeri uning tirikligini eʼlon qildi
LDPR partiyasining doimiy rahbari Vladimir Jirinovskiy Moskvada vafot etdi, deb xabar bermoqda OAV. 75 yoshli Jirinovskiy 30 yildan ortiq umrini katta siyosatda oʻtkazdi. Fevral oyi boshida u koronavirus bilan Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan edi.
LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda senator, LDPR partiyasi aʼzosi Aleksandr Pronyushkinga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Jirinovskiyning vafot etgani haqida RBKga Davlat Dumasidagi manba ham xabar berdi.
Biroq, Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin LDPR rahbari tirik ekanligini aytdi.
“Men Vladimir Volfovich Jirinovskiyning sogʻligʻidan xavotirda boʻlgan barchani ishontirmoqchiman. U tirik. Uning ahvoli haqiqatan ham ogʻir. Bugun u kompyuter tomografiyasidan oʻtkazildi. Biz undan xavotirdamiz, shifokorlar u uchun kurashmoqda. U ajoyib odam”, — deb yozdi Volodin oʻzining telegram-kanalida.
Jirinovskiyning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, “shifokorlar har tomonlama yordam koʻrsatishda davom etmoqda”, — deyiladi Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Senator Pronyushkinning “RIA Novosti”ga tayangan telegramdagi xabari oʻchirib tashlandi.
“Biz Vladimir Jirinovskiyning oʻlimi haqidagi yolgʻonni qatʼiyan rad etamiz. Bu 30 yildan beri Liberal-demokratik partiya rahbari haqida yolgʻon gapirishdan boshqa hech narsa qilmayotgan “sariq” matbuotning iflos provokatsiyasidir”, — deydi LDPR fraksiyasi. Bu haqda Davlat Dumasi oʻzining telegram-kanalida bayonot berdi.
Shuningdek, unda “toʻliq maʼnoda bir soat oldin” shifokorlar Jirinovskiyni “rejalashtirilgan muolajaga joʻnatgani”, uning ahvoli barqaror, “uning sogʻligʻida salbiy oʻzgarishlar kuzatilmagani” aytiladi.
2-fevral kuni koronavirusga chalingan Jirinovskiy Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan edi. Ommaviy axborot vositalarida uning oʻpkasi jiddiy shikastlangani haqida xabar berilgan.
Jirinovskiy olti marta Rossiya prezidentligiga nomzodini qoʻygan va u asos solgan partiya doim parlamentga kirib kelgan.
