O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishiga oid soxta xabarlar tarqatgan 33 ta akkaunt aniqlangan

O‘zbekistonda virusli kasalliklarga qarshi kurash jarayonida ko‘plab mish-mishlar, noto‘g‘ri xabarlar, asossiz ma’lumotlar va aholi o‘rtasida sarosima uyg‘otuvchi axborot ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi kuzatilmoqda.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Vazirlik, Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan barcha qilmishlarni aniqlash va ularni oldini olish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni sohtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 (!) tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosovning xabarida.
Shu bilan birga, xabarda virusga chalingan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolarning shaxslarini ommaga tarqatgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilayotganligi ham ta’kidlangan.
Shuningdek, qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan soxta va asossiz ma’lumotlarni tarqatayotgan 13 nafar fuqarolar aniqlanib, ularning to‘qqiz nafari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. To‘rt nafarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘riladi.
Toshkent shahri, Xorazm, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi dehqon bozorlarida savdo qilayotgan hamda shaxsiy transport vositalarida aholiga pullik xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar tomonidan yuzaga kelgan vaziyatdan g‘araz maqsadlarda foydalanib, mahsulotlarining hamda xizmat ko‘rsatish narxining asossiz oshirib yuborganligi aniqlangan 27 nafar fuqarolar bilan tegishli tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
IIV fuqarolardan barcha savollar bo‘yicha alohida faoliyat ko‘rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog‘iga murojaat qilishlarini va aniq axborotni ijtimoiy tarmoqlardagi @koronavirusinfouz rasmiy manzilidan bilib olishlari mumkinligini ta’kidlaydi.
