Texpasportlarni topshirish ishlari davom etmoqda — Toshkent IIBB
Oʻtgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent IIBB YHXB boʻlinmalarida avtomototransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun blank hamda plastiklar yetishmayotgani va shu munosabat bilan guvohnoma berish ishlari toʻxtatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Poytaxt IIBB maʼlumotlariga koʻra, IIBB YHXB transport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlinmalarida haqiqatdan ham transport vositalarining tegishli hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq qiyinchiliklar kelib chiqqan.
Boshqarmaning eslatishicha, hukumatning 2017-yil 2-martdagi qarori bilan eski nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalari 2022-yilning 1-yanvaridan oʻz kuchlarini yoʻqotadi.
“Ammo koʻpchilik haydovchilar yuqoridagi hujjatlarni oʻz vaqtida yangilamadilar. Yil yakuni yaqinlashib borishi sari «texpasport”ni almashtirish boʻyicha murojaatlar soni oshib bormoqda», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda yuqoridagi muammolar bartaraf etilgan, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining tumanlararo boʻlimlarida avtomototransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish guvohnomalarini topshirish ishlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2017-yil 1-oktyabridan plastik shakldagi haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnomalar joriy etiladi. 2020-yil may oyida eski namunadagi hujjatlarni yangilariga almashtirish muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
