Oʻzbekiston nima uchun «yaroqsiz» AstraZeneca vaksinasini sotib oldi?
Oʻzbekistonda fevral oyida COVAX dasturi doirasida 2,6 mln doza AstraZeneca vaksinasini sotib olishi haqida xabar tarqalgan edi. COVAX dasturi boʻyicha koronavirusga qarshi vaksinalar kam va oʻrtacha daromadli 92 mamlakatga iyun oyigacha taqdim etiladi. Bu haqda YUNISEF saytida ham maʼlum qilingan. YUNISEF taqdim etgan jadvalga koʻra, Oʻzbekiston 2 mln 640 ming doza AstraZeneca/Oxford vaksinasini oladi.
Yevropadagi taqiqlar
Avvalroq Die Zeit nashri Germaniya federal hokimiyati mamlakatda AstraZeneca vaksinasini qoʻllashni vaqtincha toʻxtatgani haqida xabar bergan edi. Ushbu qaror dorilarning aylanishini nazorat qiluvchi Pol Ehrlich institutining tavsiyasiga binoan qabul qilingan.
Pol Ehrlich instituti vaksinalardagi tromboz haqidagi xabarlardan soʻng vaksina boʻyicha qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish zarur degan xulosaga keldi.
Gollandiya hukumati ham 15-mart kuni “ehtiyot chorasi sifatida” AstraZeneca vaksinasini ikki haftalik toʻxtatilishini eʼlon qildi. Niderlandiya Sogʻliqni saqlash vazirligi Yevropa tibbiyot assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalarini kutish zarurligini bildirdi.
Shuningdek, Fransiya 15-mart kuni AstraZeneca bilan emlashlarga moratoriy joriy etdi. U 24 soatgina amal qildi.
Ilgari AstraZenecaʼning faqat bitta oʻziga xos partiyasidan foydalanishni taqiqlagan Italiya 15-mart kuni vaksinani vaqtincha butunlay toʻxtatib turishga qaror qildi.
Unga qadar esa AstraZeneca vaksinasidan foydalanish Daniya, Norvegiya va Islandiya tomonidan butunlay toʻxtatilgan edi. Avstriya, Lyuksemburg, Estoniya, Latviya va Litva vaksinalarning maʼlum partiyalarini qoʻllashni toʻxtatib qoʻyishdi.
“Yaroqsiz” vaksina Oʻzbekistonga olib kelindi
Hindiston Elchixonasining matbuot xizmati vakili Aditi Valunjning “Factchecking.uz” blogiga maʼlum qilishicha, Hindistondan 660 ming doza Covishield koronavirus vaksinasi 17-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Hindiston va Oʻzbekiston COVID-19 pandemiyasi boshlangani bilan farmatsevtika vositalarini yetkazib berishda mustahkam hamkorlik oʻrnatdilar. Ushbu hamkorlik Oʻzbekistonga “Made in India” vaksinalari yetkazib berilishi bilan davom etmoqda.
“Vaccine Maitri” (Doʻstlik Vaksinasi) tashabbusi doirasida Hindiston COVID-19 ga qarshi 58 million dozani 70 dan ortiq mamlakatlarga yetkazib berdi, ulardan 8 million doza sovgʻa qilindi, 16,5 million doza COVAX tashabbusi doirasida yetkazib berildi, 34 million doza tijorat asosida yetkazib berildi.
Faceookʼning oʻzbek segmentida Oʻzbekistonga AstraZeneca vaksinalarining olib kelinishi ortidan muhokama va munosabatlar avjiga chiqdi. Foydalanuvchilar ushbu vaksina bilan avvalo amaldorlarni emlash kerakligi haqidagi takliflarini bildirgan.
Xulosa: AstraZeneca xavfsiz vaksina
Yevropa dori vositalari agentligi Britaniya-Shvetsiya kompaniyasining koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi xavfsiz degan xulosaga keldi.
“Bu xavfsiz va samarali vaksina. Ushbu preparatning samarasi va uning koronavirusga qarshi himoyasi undan foydalanishda paydo boʻladigan ehtimoliy xatarlarga nisbatan yuqori”, — dedi agentlik ijrochi direktori Emer Kuk.
Uning taʼkidlashicha, hozircha emlash va tromboz hosil boʻlishi orasidagi bogʻliqlikni butunlay rad etib boʻlmaydi. Agentlik ushbu preparat bilan emlanganlarda tromboz paydo boʻlishi sabablarini oʻrganishda davom etadi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari “Nega koʻp davlatlar “Astra Zeneca” vaksinasidan bosh tortdi yoki toʻxtatib qoʻydi?” degan savolga izoh berib oʻtdi.
“Astra Zeneca” vaksinasi bilan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada allaqachon 17 million kishi emlangan. Ular orasida zararli taʼsir qilgan deb baholangan holatlar milliondan bittani tashkil qiladi.
Bunda asosan tromboz holatlari (tomir ichida paydo boʻladigan qon laxtasi, tomir devoriga yopishib, qon oqimiga xalaqit beradi) kuzatildi. Yevropa mamlkatlarida birinchi navbatda 65 yoshdan yuqori aholi emlanishi koʻzda tutilgan. Tabiiyki, bu yoshdagi odamlar har qanday boshqa kasalliklarga moyil boʻladi. Bunga aynan u yoki bu vaksina sababchi deb aytolmayman. Masalan, xuddi shu holat “Pfizer” vaksinasida ham kuzatilgan.
“Bunday nojoʻya taʼsirlar aynan vaksina tufayli kelib chiqdi deb hech kim aytolmaydi, hatto JSST ham. Biz JSST tarkibidagi maxsus kommisiyalarning xulosalarini kutyapmiz. Dunyoda biror vaksina qoʻllashdan toʻxtatib turilgani — uning butunlay zararli degan xulosaga olib kelmaydi. Shunchaki hozirda uning taʼsirlari borasida chuqur oʻrganishlar olib borilmoqda”.
Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) emlanganlarda tromblar hosil boʻlishi holatlari aniqlanganiga qaramasdan AstraZeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlashni davom ettirish mumkin deb hisoblamoqda.
“EMA vaksinaning ustuvorligi xatarga nisbatan yuqori deb hisoblaydi va tromboembolik holatlar tekshirilayotgan davr mobaynida emlashni davom ettirish mumkin”,— deyiladi agentlik saytida.
EMA ekspertlarining soʻzlariga koʻra, emlanganlarda bunday nojoʻya taʼsirlar kuzatilishi juda kamchilikni tashkil etadi.
“2021-yil 10-mart holatiga koʻra, Yevropa iqtisodiy hududida AstraZeneca vaksinasi bilan emlangan qariyb 5 mln kishining 30 nafarida bu holat kuzatilgan”,— deyiladi xabarda.
AstraZenecaʼdan hech kim voz kechmadi. U vaqtincha toʻxtatildi, xolos. U ham sanoqli davlatlarda.
