Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar va vafot etganlar soni turli manbalarda xilma xil
Butun dunyoda, shuningdek Oʻzbekistonda ham ilk koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati qayd etilgandan buyon raqamlar faqatgina yuqorilamoqda. Bu albatta kasallikka qarshi kurashishda nafaqat oʻzbekistonliklarning, balki dunyo aholisining COVID-19dan jiddiy himoyalanmayotganini koʻrsatadi. “Factchecking.uz” eʼtiborini esa Oʻzbekistonda kasallikni yuqtirganlar sonining turli manbalarda xilma xilligi tortdi.
Oʻzbekistonda 3-avgust soat 23:30 dan 4-avgust soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bogʻliq 746 ta holat qayd etildi. Ketma-ket toʻrtinchi kun kunlik kasallanish holati 700 dan yuqori boʻlmoqda. 1-avgustda 774 kishining kasallanishi hozircha antirekord hisoblanadi. Yangi holatlardan soʻng Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 27 047 nafarga yetdi. Oʻzbekistondagi barcha kasallanish holatlarining 2,75 foizi 4-avgustga toʻgʻri keldi. 165 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan. Ushbu maʼlumotlar Sogʻliqni Saqlash vazirligi tomonidan keltirilgan.
“Daryo.uz” nashri olib borgan hisob boʻyicha koronavirus asoratlaridan shu kungacha 174 kishi vafot etgan. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston prokuraturasida boʻlim boshligʻi boʻlib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, 3-avgust kuni Buxoro xalqaro aeroporti direktori Tohir Bahronov 61 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu toʻqqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Kino rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qoʻyilmaganini maʼlum qilgandi. Rejissorning oʻzi va uning boshqa oila aʼzolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yoʻli xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti Oʻtkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Maʼlum boʻlishicha, marhum oʻzida COVID-19ʼning barcha belgilari boʻlsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 831 nafar bemordan 619 nafari ogʻir, 155 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda. Bir kun avval ogʻir va oʻta ogʻir ahvoldagi bemorlarning umumiy soni 779 nafardan 1151 nafarga (deyarli 50 foiz) koʻpaygandi. Endi esa 1151 nafardan 774 nafarga tushdi. 4-avgustda esa SSV faqat 6 kishining vafoti haqida xabar berdi.

Shuningdek, Jons Hopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, 4-avgust kuni Oʻzbekistonda 981 ta (mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi axborotida 746 ta) yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati qayt etilgan. Bir kun avval esa 731 ta (mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi axborotida 748 ta).
