Yangiliklar

Oʻzbekiston rasmiylari Qayroqqum sum ombori yorilganiga oid maʼlumotlarni rad etdi

Tojikiston hududida joylashgan Qayroqqum suv ombori buzilganiga oid aholi orasida tarqalgan maʼlumot yolgʻon va hech qanday asosga ega emas. Bu haqda Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy Telegram-kanali orqali maʼlum qildi.

FVVning “Tojikistondagi favqulodda vaziyatlarga masʼul idoradan olingan aniq maʼlumotlar”ga tayangan holda qayd etishicha, Qayroqqum suv ombori buzilmagan va normal holatda ishlamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda 14-yanvar kuni Qayroqqum suv omborining yorilishi natijasida suv toshqini sodir boʻlganligi toʻgʻrisida tarqalgan xabarlarning yolgʻonligi haqida Sirdaryo viloyat hokimligi ham rasmiy maʼlumot tarqatgan.

Hokimlik matbuot xizmati bu xabar toshqindan zarar koʻrgan Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin kabi tumanlarda jiddiy vahima uygʻotgani, ayrimlar oʻz yashash hududini tark etishga oshiqqani, bundan xabar topgan viloyat hokimi Gʻ. Mirzayev tumanlarga yetib borganini maʼlum qilgan.

“Gʻofurjon Mirzayev bu kabi xabar tarqalishiga xech qanday asoslar mavjud emasligini bildirdi. Aholini yolgʻon mish-mishlarga ishonmaslikka va sarosimaga tushmaslikka chaqirdi”, deyilgan Sirdaryo viloyat hokimligi xabarnomasida.

Bu orada Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati ham “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir boʻlgani haqida tarqalgan xabarlar asossizligini bildirdi.

“Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning maʼlum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yoʻq, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga koʻchib oʻtayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz”, deyilgan vazirlik xabarnomasida.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3 mlrd. 443 mln. m³ boʻlib, suv omboriga suvning kirishi 892 m³/sek., suvning chiqishi esa 880 m³ /sek.ni tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi oʻn kunlik davomida suv toʻplash va suv chiqarishda hech qanday keskin oʻzgarish kuzatilmagan.

Suv xoʻjaligi vazirligi vakillarining ishontirishicha, vazirlikda kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan oʻtkazilgan.

“Bahri tojik” suv omborining suv hajmi oʻzgarishi boʻyicha qoʻshni Tojikiston Respublikasi suv xoʻjaligi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “Oʻzgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, suv omborining ishlash rejimi boʻyicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda”, deya bildirgan Suv xoʻjaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolgʻon mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqirgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.