JSST rahbari bu pandemiya insoniyat uchun oxirgisi bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi
2020-yil insoniyat duch keladigan koronavirus pandemiyasining soʻnggisi boʻlmaydi. Bu haqda Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Gebreyesus 27-dekabrda nishonlanadigan Xalqaro epidemiyaga qarshi tayyorgarlik kuniga bagʻishlangan videomurojaatida aytib oʻtdi.
“Tarix bizga joriy pandemiya oxirgisi bo‘lmasligini aytmoqda. Epidemiya — bu fakt. Ammo sog‘liqni saqlashga investitsiyalar, hukumat va butun jamoatchilik ko‘magi, salomatlik masalalariga yagona yondashuv — bizning farzandlarimiz va ularning farzandlariga xavfsizroq va barqarorroq dunyo meros bo‘lib qolishining kafolatlaridir”, — dedi Gebreyesus.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atigi bir yil avvalroq insoniyat COVID-19’dan bexabar bo‘lganiga ishonish qiyin. Va so‘nggi 12 oy ichida dunyo ag‘dar-to‘ntar bo‘lgani, pandemiya oqibatlari kasallik doirasidan ancha chiqib ketganiga ham guvoh bo‘ldi.
“Lekin bulardan hech biri bizni hayron qoldirmasligi kerak: so‘nggi yillar mobaynida ko‘plab prognozlar va tavsiyalar bo‘lgan edi. Ularning barchasi dunyoning pandemiyaga tayyor emasligini ta’kidlagan. Barchamiz pandemiya bizga berayotgan saboqlarni o‘zlashtirib olishimiz kerak”, — deya qayd etdi JSST rahbari.
Gebreyesus kelajakda pandemiyaning jamiyat va iqtisodiyot uchun salbiy ta’sirlarini kamaytirish borasida uchta maslahat berdi. “Avvalo, barcha mamlakatlar har qanday favqulodda holatlarni monitoring qilish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha dasturlarga mablag‘ kiritishi kerak. Birlamchi tibbiy yordam ayniqsa muhim”, — dedi JSST bosh direktori.
Ikkinchi band, uning fikricha, sog‘liqni saqlash tizimi, hukumat va jamiyat ishining muvofiqlashtirilishi hisoblanadi. “Uchinchidan: pandemiya butun sayyoradagi odamlar va hayvonlarning salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyon qildi. Bu muammolarning barchasini faqat odam sog‘lig‘i haqida qayg‘urishga yagona yondashuv orqaligina hal qilishimiz mumkin. Bizning harakatlarimiz odamning jonli tabiat va iqlim uchun soladigan xavflarini hal qilmasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
