JSST koronavirus mutatsiyasining davom etishini bashorat qildi
Koronavirus mutatsiyasi kelajakda ham davom etadi, dedi brifingda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassisi Mariya van Kerkxove. Translyatsiya tashkilotning Twitter sahifasida namoyish qilindi.
“Bunday o‘zgarishlar tabiiy, ularni kutish mumkin. Va bu virus qanchalik ko‘p tarqalsa, uning mutatsiyaga uchrash imkoniyatlari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi”, — dedi van Kerkxove.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aniqlangan mutatsiyalarning katta qismi koronavirusga uning yuqish tezligi yoki infeksiyaning kechish og‘irligi jihatdan sezilarli darajada ta’sir o‘tkazmagan.
“Ammo biz bu variantlarni o‘rganishda davom etishimiz zarur, shu jumladan, yuqish potensiali nuqtai nazaridan ham”, — deya qo‘shib qo‘ydi Kerkxove. Uning ta’kidlashicha, JSST vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va butun dunyo bo‘ylab mutatsiyani o‘rganayotgan olimlar bilan ishlamoqda.
JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus ham Jenevadagi birifingda shu mavzuda gapirib, dunyo hamjamiyati 2021-yilda koronavirusning yangi shtammlarini tadqiq qilishga jiddiy e’tibor qaratishi kerakligini qayd etdi.
“Kelasi yilda qiyinchiliklar va yangi sinovlar bo‘ladi, masalan, COVID-19’ning yangi variantlari”, — dedi Gebreyesus.
JSST bosh direktori Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika Respublikasiga “test o‘tkazish orqali yangi turlarni aniqlagani” uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, boshqa mamlakatlarni koronavirusning yangi shtammlari haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishishga chaqirdi.
Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mettyu Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.
Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da ham shunga o‘xshash mutatsiyadagi virus topilgani haqida xabar berilgan edi.
Keyinroq Daniya va Braziliyada koronavirusning yangi mutatsiyalari aniqlandi. Britaniyaning o‘zida ham koronavirusning yana bir yangi shtammi aniqlandi. Shu bilan birga, Germaniya va Shveysariyada koronavirusning “britancha” shtammi, Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi qayd etildi.
26-dekabr kuni koronavirusning “britancha” shtammi Fransiya va Yaponiyada, 28-dekabr kuni esa Janubiy Koreya va Iordaniyada ham aniqlandi.
