JSST COVID-19dan tuzalganlarga virusga qarshi choralarni davom ettirishni tavsiya qildi
Koronavirus bilan ogʻrigan insonlar virusga qarshi choralarni, shu jumladan niqob taqish, qoʻl yuvish va ijtimoiy masofani saqlashni davom ettirishlari kerak. Ayni paytda fan immunitet kasallikdan keyin qancha davom etishini aniq bilmaydi, dedi mutaxassis Mariya van Kerxov dushanba kuni Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Twitter-da joylashtirilgan video intervyusida.
COVID-19 dan sogʻaygan odamlarda “infeksiya yuqtirganidan bir necha hafta oʻtgach antitanachalar rivojlanadi”, deydi tashkilot vakili. “Maʼlumki, antitanachalar ogʻir, yengil yoki asimptomatik kasallikka chalinganlarda ishlab chiqariladi“.
Hozirgi kunda ushbu immun javob qanchalik kuchli ekanligini va bu antitanachalar qancha davom etishini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Mutaxassisning fikriga koʻra, olimlar bu borada “hali toʻliq tasavvurga ega emas”.
