Twitter COVID-19ga qarshi vaksinalar haqidagi feyk xabarlarni o‘chirishni boshlaydi
Twitter ijtimoiy tarmogʻi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashlar toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlarni oʻchirib tashlaydi. Xizmat bu haqda oʻz blogida maʼlum qildi.
“Global pandemiya sharoitida vaksinalar haqida notoʻgʻri maʼlumotlar jiddiy va oʻsib borayotgan muammodir”, deyiladi xabarda.
Kompaniya vaksinalar inson uchun zararli ekanligi yoki odamlarni boshqarish uchun ishlatilganligi haqidagi xabarlarni, shuningdek, vaksinaning nojoʻya taʼsirlari toʻgʻrisida yolgʻon va rad etilgan daʼvolarni oʻz ichiga olgan xabarlarni oʻchirib tashlashini tushuntirdi.
Servis ma’muriyati qo‘shimcha qilishicha, 2021-yildan tekshirilmagan ma’lumotlardan iborat barcha xabarlar yoki vaksinatsiya haqidagi mish-mishlarga “bahsli” degan belgicha qo‘yiladi.
Ijtimoiy tarmoq koronavirus infeksiyasiga bog‘liq ishonchsiz ma’lumotlar ustidan 2020-yil mayidan buyon kuzatuv olib bormoqda. O‘shanda servis COVID-19’ning tarqalish usullari va xavflilik darajalari haqidagi yolg‘on xabarlarni o‘chirib, bahsli ma’lumotlarni belgilashni boshlagan edi.
