Yangiliklar

Xitoyda pandemiya mavzusida yolg‘on xabar tarqatganlikda ayblangan jurnalist ayol 4 yilga qamaldi

28 dekabr kuni Shanxay sudi COVID-19 pandemiyasi boshlanganda Xitoyning Uxan shahrida sodir boʻlgan voqealarni yoritgan 37 yoshli fuqaro jurnalist va sobiq advokat Chjan Chjanni toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud hukmni bir kunda chiqardi. Advokatlar ushbu qaror ustidan shikoyat qilmoqchi.

Jurnalist ayol “adovat urug‘ini sochganlikda va muammolarni sun’iy ravishda keltirib chiqarganlikda” ayblanmoqda, dedi uning advokati. Bunday ayblovlar ko‘pincha boshqacha fikrlashlarni tiyish uchun murtadlar, faollar va jurnalistlarga qarshi qo‘llaniladi, deya qayd etdi The Guardian va South China Morning Post. Noyabrda Chjan Chjan yolg‘on xabar tarqatganlikda ayblangandi. Davlat ayblovchisi uni besh yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi.

2020-yil 1-fevralda Chjan Chjan Shanxaydan Uxanga kelgandi, bu paytda shahar koronavirus tarqalishi tufayli karantinga yopilganiga taxminan bir hafta bo‘lgan edi. Hukumat versiyasiga ko‘ra, jurnalist Uxanda turib, WeChat, Twitter va YouTube kabilardan foydalanib yolg‘on xabar tarqatgan, shuningdek, Free Radio Asia va Epoch Times kabi xorijiy nashrlar bilan muloqot qilgan hamda “Uxanda COVID-19 epidemiyasi mavzusidan yomon maqsadlarda foydalangan”.

AFP qayd etishicha, Chjan Chjan Xitoy hukumati xatti-harakatlarini tanqid qilgan. Reportajlaridan birida u hukumat “odamlarga yetarlicha axborot bermagan, so‘ng shaharda shartta lokdaun joriy qilib qo‘ygan”ini aytgandi. U buni inson huquqlarining buzilishi deb atadi. O‘z YouTube-kanalida jurnalist mahalliy aholidan olingan intervyulardan iborat qisqa videoroliklarni, shuningdek, Uxan virusologiya instituti, krematoriy, vokzal va kasalxonalar yaqinida olingan lavhalarni e’lon qilgan.

May o‘rtalarida jurnalist ayol qo‘lga olingan. U aybdor emasligini qat’iy turib da’vo qilgan, iyun oxirida esa o‘ziga qarshi jinoiy ishga norozilik belgisi sifatida ochlik e’lon qilgan. Uning advokatlari sudda ma’lum qilishicha, hibsda politsiyachilar Chjan Chjanni bog‘lab qo‘yib, uni trubka orqali majburan ovqatlantirgan. U 15-20 kilogrammga ozib ketgan. Dekabrga kelib ayolda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, qorin og‘riqlari paydo bo‘lgan, unga majburan oziqlantirish oqibatida tomoq infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan, shuningdek, qon bosimi tushishi aniqlangan. Advokatlardan biri AFP’ga ma’lum qilishicha, Chjan Chjan hatto hojatga chiqishda ham kimningdir yordamiga muhtoj. “U o‘zini ruhan charchagan deb his qilmoqda, xuddi har bir kun u uchun bir azobdek”, — deya qo‘shib qo‘ydi advokat. Oilasining pand-nasihatlariga qaramay, jurnalist ochlikni to‘xtatishni xohlamayapti. O‘tgan sud majlisiga u nogironlar aravachasida keldi.

Bir qancha diplomatlar va chet ellik jurnalistlar Chjan Chjanning ishi ko‘riladigan sud majlisida qatnashishga uringan, ammo ularni binoga kiritishmagan.

Uxandan tayyorlangan reportajlar tufayli Chjan Chjandan tashqari, yana uch nafar jurnalist qo‘lga olingan, ular keyinchalik aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bular: Chen Syuysi, Fan Bin va Li Szexua. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, aprelda Li YouTube’ga chiqib, uni majburan karantinga joylashtirishganini aytgan, Chen ozodlikda, ammo kuzatuv ostida, uchinchisining taqdiri esa noma’lum.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.