Uxanda COVID-19 yuqtirganlar soni rasmiy raqamlardan deyarli o‘n marta ko‘proq bo‘lishi mumkin
Pandemiya boshlanganda, Uxan shahrida koronavirus bilan kasallanganlar soni rasmiy statistika koʻrsatganidan toʻqqiz marta koʻp boʻlishi mumkin.
Uxan shahrida birinchi marta koronavirus tarqalishining koʻlami rasmiy ravishda qayd etilganidan toʻqqiz baravar koʻp boʻlishi mumkin. 30-dekabr, chorshanba kuni Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan oʻtkazilgan mahalliy aholining seropozitivligini oʻrganish shundan dalolat beradi.
Xususan, aprel oyi oʻrtalarida Uxanning Xubey provinsiyasida, shuningdek Pekin, Shanxay va boshqa toʻrtta viloyatning 34 ming aholisidan qon namunalari olingan.
Shularning uchdan bir qismi Uxan hissasiga toʻgʻri kelgan.
Ayni paytda Uxanning 11 million aholisining 4,43 foizida koronavirusga nisbatan antitanalar aniqlangan, bu taxminan 450 ming kishi demakdir. Aprel oʻrtalarida shaharda rasman COVID-19 tasdiqlangan odamlar soni 50 008 kishini tashkil etgan.
Bunday tafovutlar epidemiya boshidagi tartibsizliklar va uning ilk bosqichidagi test olish boʻyicha cheklangan imkoniyatlar oqibatidir. Shuningdek, 4,43 foiz koʻrsatkichi namunalarni yigʻish hududlar boʻyicha bir tekisda boʻlmagani (kasallanish holatlari koʻp boʻlgan hududdan yoki keksalar orasidan olingani) sababli ham haqiqatdan sal uzoqroq boʻlishi ham mumkin.
Bu shuni bildiradiki, sayyorada infeksiyaning birinchi oʻchogʻiga aylangan shahar xuddi butun mamlakat kabi jamoaviy immunitetdan uzoqdir.
Avvalroq Xitoy COVID-19ʼga sabab boʻladigan virusning kelib chiqishiga doir tadqiqotlarni davlat siriga aylantirgani haqida xabar berilgan edi. Xitoy rahbariyati COVID-19ʼni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusining kelib chiqishi boʻyicha tadqiqotlarni qattiq nazorat qilmoqda.
