OAVga notoʻgʻri maʼlumot taqdim etganlik uchun javobgarlik joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Quyi palataning deputatlari shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obroʻsizlantirishga qaratilgan yolgʻon axborotni ishonchli maʼlumot koʻrinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilashni taklif etdi. Ularning asoslashicha amaldagi qonunchilikda bu turdagi harakatni sodir etgan shaxs toʻgʻridan toʻgʻri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan, taklif etilayotgan loyihada esa shaxs shunday harakatlari uchun muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etsagina jinoiy javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.
Shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obroʻsizlantirishga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi qayd qilinmoqda.
