Tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilmaydi
Qonunchilik palatasi majlisida Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev xabar berdi.
Qonun loyihasiga koʻra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud boʻlgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilinib, oʻrniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qoʻshilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga va Jinoyat kodeksiga yolgʻon axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Pornografik mahsulotlarni tarqatish va shavqatsizlikni targʻib qilganlik uchun ham jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan.
Qonun loyihasi Senatga yuborildi.
