Avtomobilga sirena va “migalka” oʻrnatishga ruxsat berilmagan. Internetda feyk xabar tarqaldi
Pul toʻlab, avtomobilga sirena va “migalka” oʻrnatishga 1-yanvardan boshlab ruxsat berilishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. IIV YHXBB internetdagi norasmiy manbalarda tarqalgan maʼlumot feyk ekanini maʼlum qildi.
Feyk xabarda Vazirlar Mahkamasining 30-noyabr kuni imzolangan qarori notoʻgʻri qilingan. Qarorda sirena va “migalka” oʻrnatish transport vositasini qayta jihozlash deb hisoblanishi belgilangan.

Maʼlumot uchun, “Yoʻl harakati qoidalari”ning 3-ilovasi 7.21-bandiga koʻra, transport vositalari oʻzboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan boʻlsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar boʻlsa, bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 127-moddasi 2-qismiga koʻra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni oʻrnatish – ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
«Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolgʻon maʼlumotlarni oʻz sahifalarida eʼlon qilmasliklarini soʻrab, yolgʻon maʼlumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz», – deyiladi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabarida.
