Koronavirus sabab imtihonda qatnasha olmagan abituriyentga to‘lagan puli qaytariladimi?
2020-yil 22-iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “2020-2021-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish yakunlari: raqamli maʼlumotlar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazilgan edi.

Unda test sinovi uchun toʻlovni qaytarib berish masalasi boʻyicha savolga berilgan javob ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Bu haqda DTM maʼlum qilmoqda.
Qayd etilishicha, test sinovi uchun toʻlovni amalga oshirgan abituriyentlarning toʻlovi har qanday holatda ham qaytarilmaydi degan tushuncha butunlay xato.
Qalampir.uz nashrida chop etilgan xabarda 2020-2021-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirgan, ammo test sinovida qatnasha olmagan abituriyentlarga toʻlagan pullari qaytarib berilmaydi, deyiladi.
“Xalq soʻzi“ gazetasining elektron versiyasida berilgan xabarda esa Davlat Test Markazi tomonidan matbuot anjumani vaqtida qilingan bayonot beriladi:
“Misol uchun, dastlab test sinovlari oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishiga roʻyxatdan oʻtgan va toʻlovni amalga oshirgan, keyinchalik esa tanlagan taʼlim yoʻnalishini toʻliq ijodiy imtihon boʻladigan yoʻnalishga oʻzgartirgan abituriyentlarning yoki shu kabi toʻlovni notoʻgʻri amalga oshirgan abituriyentlarning toʻlovlari hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarga qaytarilmoqda.
Shuningdek, test sinovlaridan soʻng, uzrli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok eta olmagan abituriyentlarning toʻlovlari qaytarilishini maʼlum qilamiz”.
